Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Yashil” energetikani rivojlantirish elektr energiyasi narxining barqarorligini ta’minlay oladimi? (+video)
17:38 / 2024-02-22

Mamlakatimizda “yashil” energetikani rivojlantirish, xususan, quyosh va shamol elektr stansiyalarini qurish bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmoqda.

Ana shunday islohotlar sababli, bugungi kunda Navoiy (quyosh va shamol), Samarqand, Buxoro, Qashqadaryo va Surxondaryoda quyosh foto elektr stansiyalari ishga tushirildi.

Suhbatimiz mavzusi ham aynan “yashil” energetikani rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar va uning elektr energiyasi narxi barqarorligidagi ahamiyati haqida. Suhbatdoshimiz ham shu sohada ilmiy tadqiqotlar olib borayotgan yosh mutaxassis, fizika fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD)Zoir Kenjayev.

U bugungi kunda Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti dotsenti va Energetika vazirligi huzuridagi Qayta tiklanuvchi energiya manbalari milliy ilmiy-tadqiqot institutida katta ilmiy xodim sifatida o‘z faoliyatini davom ettirmoqda.

–Deyarli 10 yildan buyon quyosh elementlari fizikasi va texnologiyasi, quyosh panellaridan samarali foydalanish bo‘yicha ilmiy va amaliy tadqiqot ishlarini olib boraman, – dedi so‘zi avvalida suhbatdoshimiz. – Kremniy asosli quyosh elementlari samaradorligini oshirish bo‘yicha dissertatsiya ishi himoya qilganman. Hozirda Belarus va Turkiya olimlari bilan hamkorlikda shu yo‘nalishda ilmiy ishlar ustida ishlayapmiz.

–Aytingchi, “yashil” energetikani rivojlantirish ushbu manbaga bo‘lgan tanqislik va ekologik muammolarning yechimi bo‘la oladimi?

–Ha, bu qaysidir ma’noda to‘g‘ri yechim hisoblanadi. Hozirda birlamchi energiya manbalari (neft, gaz, ko‘mir) zaxirasining tugab borishi, ekologik muammolar, aholi sonining oshishi bilan bir qatorda, elektron qurilmalar hayotimizning bir qismiga aylanmoqda. Bu esa elektr energiyaga bo‘lgan talabning keskin oshib borishiga sabab bo‘layapti. Shuningdek, iqlim o‘zgarishi, atrof-muhitning ifloslanishi va unga qarshi kurash, is gazlarini kamaytirish va ekologik tozalikka intilish missiyasi ham mavjud. Ayni paytda rivojlangan davlatlar elektr energiyasini olishda an’anaviy usuldan ko‘ra, qayta tiklanuvchi energiya manbalariga o‘tmoqda.

Jumladan, bugungi kunda qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish bo‘yicha Yaponiya, Xitoy, AQSH, Germaniya, Ispaniya va Hindiston yetakchi davlatlar sirasiga kiradi. 2023 yilda Germaniya va Xitoyda qayta tiklanadigan energiya manbalari ishlab chiqargan elektr energiyasi jami quvvatning 50 foizidan oshgan. Shuningdek, tahlillarga ko‘ra, 2050 yilda quyosh foto elektr stansiyalari global miqyosda yangi elektr energiyasining eng arzon manbai bo‘ladi. Barcha davlatlar 100 foiz “yashil” energiyaga o‘tishni reja qilgan.

Demak, “yashil” energiyadan foydalanish biz uchun energiya barqarorligiga erishish va ekologiya muammosini hal qilish imkonini beradi.

–Shu o‘rinda, quyosh panellarini o‘rnatishda beriladigan imtiyozlar haqida ham to‘xtalib o‘tsangiz.

–Yurtimizda so‘nggi yillarda qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish borasida bir qator qonun va qarorlar qabul qilingan va ularning ijrosini ta’minlash bo‘yicha amaliy ishlar ketmoqda. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 16 fevraldagi “2023 yilda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini va energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etishni jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorini ta’kidlash zarur.

Shuningdek, Prezidentimizning PF-220-sonli farmoni va PQ-57-sonli va PQ-156-sonli qarorlarida bir qator imtiyozlar berilgan. Xususan, quyosh yoki shamol elektr stansiyasini o‘rnatganlik uchun BHM ning 7 barobaridan 50 barobarigacha kompensatsiyalar beriladi. 2023 yil 1 apreldan boshlab umumiy quvvati 100 kVtgacha bo‘lgan qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini o‘rnatgan jismoniy va yuridik shaxslar ushbu qurilmalar bo‘yicha mol-mulk solig‘i, qurilmalar bilan band bo‘lgan uchastkalar bo‘yicha jismoniy va yuridik shaxslar 3 yildan 10 yilgacha yer solig‘idan ozod etiladi. Bundan tashqari, hozirda banklarda quyosh panellari va suv isitkichlarini o‘rnatishni moliyalashtirish uchun imtiyozli “Yashil energiya” krediti tashkil etilgan.

“O‘zbekiston – 2030” strategiyasiga asosan 2030 yilgacha qayta tiklanuvchi energiya manbalari quvvatini 25 ming MVtga hamda jami iste’moldagi ulushini 40 foizga yetkazish reja qilingan.

Albatta, bu kabi imtiyozlar “yashil” energetikani rivojlantirishda katta rol o‘ynaydi.

–Narxni erkinlashtirish “yashil” energetikaning rivojiga xizmat qiladimi?

–Hozircha bizda elektr energiya narxlari ancha arzon. Lekin bu vaqtinchalik holat va yaqin kelajakda narxlar ko‘tarilishi mumkin. Sababi, bizda bosqichma-bosqich bozor tamoyillariga o‘tish ko‘zda tutilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023 yil 15 sentyabrdagi 475-sonli qaroriga asosan 2023 yil 1 oktyabrdan boshlab is’temolchilar 4 ta guruhga ajratildi. Bunda I, II va IV guruhlar asosan tashkilotlar va ishlab chiqarish zonalari bo‘lib, ular iste’mol qilgan 1 kilovatt soat elektr energiyasi uchun 900-1000 so‘mdan to‘laydi.

III guruh esa xonadonlarda yoki ko‘p qavatli uylarda yashovchi aholi va ular uchun elektr energiyasi narxi 295 so‘mdan belgilangan. Ko‘rinadiki, tashkilotlar uchun narxlar oshdi va oddiy aholi uchun ta’riflar o‘zgarishsiz qoldi.

Lekin 2023 yil 1 noyabrdan boshlab bir oylik o‘rtacha energiya ist’moliga qarab narxlar belgilanadigan bo‘ldi. Ya’ni, siz bir oyda 1000 kilovatt soatgacha energiya ishlatsangiz 295 so‘mdan, 1001-5000 kilovatt soatgacha ishlatsangiz 2 barobar, ya’ni 590 so‘mdan, 5001-10000 kilovatt soatgacha 3 barobar – 885 so‘mdan, 10000 kilovatt soatdan ko‘p bo‘lsa, 1180 so‘mdan to‘lanadi.

1 kilovatt soat elektr energiya narxi 1180 so‘m. Siz qancha ko‘p ishlatsangiz narxlar ham shuncha oshib boradi.

Elektr va gaz narxlarini bosqichma-bosqich erkinlashtirish, narxlarni bozor tamoyillariga o‘tkazish elektr energiyasi bilan ta’minlashdagi muammolarni hal qilish imkonini beradi.

Narxning erkinlashtirilishi “yashil” energetika taraqqiyotiga bevosita xizmat qiladi. Qayta tiklanuvchi energiya manbalariga bo‘lgan qiziqishni oshiradi va investitsiyalar jalb qilish imkoniyatini orttiradi.

–Aytingchi, “yashil” energetikani rivojlantirish elektr energiyasi narxining barqarorligini ta’minlay oladimi?

–Elektr energiya narxlari o‘zgarishiga nazar soladigan bo‘lsak, an’anaviy energiya narxlari yildan yilga qimmatlayotganini kuzatishimiz mumkin. Bu jarayon yana davom etadi. Lekin qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan olinadigan elektr energiya narxi arzonlashmoqda. Masalan, yuqori samaradorlikka ega quyosh panellari narxi bir yil oldin 1 Vt uchun 42-45 sent edi. Hozirda esa 20-23 sentga tushgan. Bu tendensiya Yevropa, AQSH, Xitoy va Hindistonda davom etmoqda.

Tahlilchilarning fikricha, birlamchi elektr energiya narxlari doimiy ravishda qimmatlashib boraveradi. Lekin qayta tiklanuvchi, ekologik toza energiya manbalari (quyosh, shamol, oqar suv) narxlar arzonlashib boradi.

Tahlillarga ko‘ra, 2030 yilga borib, birlamchi energiya narxlari va qayta tiklanuvchi energiya narxlari tenglashadi va undan keyin esa “yashil” energiya narxi arzonlashishda davom etadi.

Bir so‘z bilan aytganda, “yashil” energiyaning rivojlanishi, birinchi navbatda, davlatning energetika tizimi barqarorligiga erishishida yordam beradi.

O‘zbekiston energetika sohasi islohotlarga muhtoj edi va bu islohotlar hozir jadal olib borilmoqda. Shuni esda tutish lozimki, “yashil” energetikaga yordamchi energiya bloki sifatida qarash mumkin. Ya’ni, “yashil” energiyadan foydalanish orqali markaziy tizimni modernizatsiya qilishga, tizimni yaxshilashga ko‘proq yo‘l ochiladi.

–Demak, ushbu islohotlar jarayonida qayta tiklanuvchi energiya manbalarini joriy etishning ham tartib-tamoyillari bor. Masalan, quyosh panellarini o‘rnatish va ulardan foydalanishda nimalarga ahamiyat berish kerak?

–Ha, albatta! Quyosh panellarini tanlashda unga doir sifat sertifikatlariga, panellar pasportiga va ishlab chiqaruvchi kompaniya nomiga alohida e’tibor berish lozim. Bunda Xalqaro elektrotexnika komissiyasiga doir standartlarni alohida aytib o‘tish joiz. Masalan IEC61215 va IEC61730 standartlari panellar sifatiga doir va bu standartlarga mosligini tasdiqlovchi “TUV SUD”, “TUV NORD” sertifikatlari beriladi.

FES masalasiga kelsak, to‘g‘ri loyihalash, to‘g‘ri o‘rnatish va texnik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha ham xuddi shunday IEC62446, IEC3076 va boshqa standartlar bor. Xalqaro standartlarga mos holda o‘zbek tilida mahalliy standartlar ham ishlab chiqilgan.

Sotuvchi firmalar, o‘rnatuvchi kompaniyalar va uyiga yoki tashkilotiga panellar o‘rnatgan shaxslar bu normalar, standartlar bilan tanishib chiqishsa juda foydali bo‘ladi.

Shuningdek, panellar yoki invertorlar ishlab chiqaruvchi kompaniyalar tomonidan foydalanish, o‘rnatish va xizmat ko‘rsatish bo‘yicha ko‘rsatmalar tayyorlanadi. Shulardan ham foydalanish mumkin. Agar quyosh elektr stansiyalari to‘g‘ri o‘rnatilsa, doimiy texnik xizmat ko‘rsatib turilsa, ular 15-20 yil mobaynida elektr energiya ishlab chiqaradi.

Bunda asosan hududning energetik salohiyatini aniqlash, energiya audit, sifatli materiallardan foydalanish, o‘rnatish burchagini tanlash, to‘g‘ri o‘rnatish, muntazam monitoring qilib turish, qonun hujjatlariga e’tibor berish kabi omillar o‘ta muhimdir.

<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/bNzlZegPqWo" title="&quot;Yashil&quot; energetikani rivojlantirish elektr energiyasi narxining barqarorligini ta’minlay oladimi?" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>

O‘zA muxbiri Nasiba ZIYODULLAEVA suhbatlashdi