Keyingi yillarda mamlakatimizda iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohada energiya samaradorligini oshirishga e’tibor ortmoqda. Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni kengaytirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi.

Buni hozirda yurtimizda qayta tiklanuvchi energiya manbalarining elektr energiyasi ishlab chiqarish umumiy hajmidagi ulushi qariyb 10 foizdan ortiqni tashkil etayotgani misolida ham ko‘rish mumkin. Ammo mazkur yo‘nalishda ulkan salohiyatga ega bo‘lgan O‘zbekiston uchun bu hali katta ko‘rsatkich emas.
Tahlillarga ko‘ra, O‘zbekiston uglevodorod energiyasi — neft, gaz, ko‘mirdan foydalanish hisobiga har yili yalpi ichki mahsulotning kamida 4,5 foizini yo‘qotmoqda. Qolaversa, mamlakatdagi energiya ishlab chiqaruvchi quvvatlarning salkam yarmi eskirgan. Ularni tiklash yoki modernizatsiyalash katta mablag‘ni talab qiladi. Buning o‘rniga ham iqtisodiy, ham ekologik jihatdan samarali bo‘lgan “yashil” energetikaga o‘tish eng qulay va samarali yo‘l hisoblanadi.
Shu bois, “O‘zbekiston — 2030” strategiyasida alohida bitta, 51-maqsadida “Yashil” iqtisodiyotga o‘tish, uning asosi bo‘lgan qayta tiklanuvchi energiyadan foydalanish ko‘rsatkichlarini keskin oshirishga oid vazifalar belgilab olingan. Ushbu maqsad doirasida 2030 yilga kelib qayta tiklanuvchi energiya manbalarini 25 ming mega-vattga, jami iste’moldagi ulushini esa 54 foizga yetkazish belgilandi.
Kuni kecha davlatimiz rahbari boshchiligida 7,2 milliard dollarlik quvvati 4,4 GVt bo‘lgan 24 ta loyiha, jumladan 3,7 milliard dollarlik 18 ta yangi quvvatni ishga tushirish va navbatdagi 6 ta loyiha qurilishiga start berildi. Ushbu yangi loyihalar orqali kelgusi yillarda qo‘shimcha 9,5 milliard kilovatt soat elektr ishlab chiqarilib, 2,5 milliard kub metr tabiiy gaz tejaladi, 4,6 million tonna zararli gazlar chiqishining oldi olinadi.
Eng muhimi, 4 milliondan ziyod xonadon uzluksiz toza energiya bilan ta’minlanadi. Bu iqtisodiyotning boshqa sohalarida ham 4 milliard dollarlik qo‘shilgan qiymat yaratish imkonini beradi. Umuman olganda, yurtimizda kelgusi yili jami 84 milliard kilovatt soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi. Bu 2016 yilga nisbatan 25 milliard kilovatt soat yoki 1,5 barobar ko‘p demakdir.
E’tiborli jihati, ushbu loyihalarning barchasi to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hisobiga qurilmoqda. Bu esa yuqorida ta’kidlanganidek eskirgan energiya ishlab chiqaruvchi quvvatlarni modernizatsiyalash jarayonining tezlashishiga hamda ushbu yo‘nalishga ajratilishi lozim bo‘lgan mablag‘larni boshqa samarador bo‘lgan iqtisodiy-ijtimoiy loyihalarga yo‘naltirish imkonini beradi.
Albatta, boshqa sohalarda bo‘lgani kabi bu yo‘nalishda ham xususiy sektorga keng yo‘l ochilgani yuqori natijalar uchun zamin bo‘lmoqda. Xususan, oxirgi 5 yilda energetika sohasiga qariyb 20 milliard dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar kirib kelgan. Avval to‘liq davlat tasarrufida bo‘lgan bu tizimda hozirda 24 ta mustaqil energiya ishlab chiqaruvchil faoliyat ko‘rsatmoqda. Kelgusi 2 yilda xususiy tadbirkorlar bilan birga 2 mingdan ortiq kichik va mikro GESlar tashkil qilish bo‘yicha katta dastur amalga oshiriladi.
Davlat-xususiy sheriklik taqsimlash tarmoqlariga ham joriy qilinib, ularni modernizatsiya qilish uchun 4 milliard dollar investitsiya jalb etiladi. Bu borada Samarqand hududiy elektr tarmoqlarini xususiy boshqaruvga berish bo‘yicha ilk loyiha ishlab chiqilib, xalqaro tender e’lon qilindi.
Eng katta maqsadlarimizdan biri bu — Parij bitimi doirasida 2030 yilgacha zararli gazlar emissiyasini 35 foizga kamaytirishdir. Qolaversa, “yashil” energetika yo‘nalishida mintaqaviy va xalqaro hamkorlik kengaytiriladi. Bu borada birinchi amaliy qadamlar qo‘yilgan – “COP29” doirasida Qozog‘iston, Ozarbayjon va Saudiyalik hamkorlarimiz bilan “yashil energiyani Yevropa mintaqasiga eksport qilish bo‘yicha bitim imzolangan.
Markaziy Osiyo elektr energiyasi ishlab chiqarish uchun bir vaqtning o‘zida quyosh, shamol, suv kabi tabiiy resurslar bo‘yicha katta salohiyatga ega ekanligi bu boradagi rejalar salmog‘ini ortig‘i bilan bajarish imkonini beradi.
Eng muhimi, bu yo‘nalishdagi islohotlarning aholi turmush tarziga bo‘lgan ijobiy ta’siri yuqori. Xususan, aholi va tadbirkorlar tomonidan 1 ming megavattli quyosh panellari o‘rnatilib, yiliga 1,5 milliard kilovatt soat elektr energiyasi olinmoqda. Qolaversa, yangi ishga tushirilgan quvvatlar, korxonalar minglab ish o‘rinlari yaratilishiga, iqtisod qilingan gaz esa aholi iste’moliga yo‘naltirilishiga sabab bo‘lmoqda.
Umuman olganda, O‘zbekistonning “yashil” energetikaga jadallik bilan o‘tishi, avvalo, mintaqada ekologik muvozanatni ta’minlash, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va aholining energiyaga bo‘lgan ehtiyojini ta’minlashda muhim qadam hisoblanadi.
Mavluda ADXAMJONOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining
Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish masalalari qo‘mitasining a’zosi.
O‘zA