Iqtisodiyot va moliya vazirligida Germaniya Federal iqtisodiyot va energetika vazirligining energetika siyosati, yashil energiyaga o‘tish va samaradorlikni oshirish bo‘yicha yo‘nalish rahbari Urs Daniel Engels boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv o‘tkazildi.
Muzokaralarda ikki mamlakat o‘rtasidagi istiqbolli hamkorlikni mustahkamlash, ekologik barqarorlikni ta’minlash, innovatsion yechimlar va “yashil” tashabbuslarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuvda O‘zbekistonda “yashil” energiya ta’minoti infratuzilmasini rivojlantirish, zamonaviy texnologiyalar va qulay muhit orqali energiya samaradorligini oshirish, shaharlarda dekarbonizatsiya jarayonlarini tezlashtirish va iqlim jihatdan neytral shaharlar modelini joriy etish borasidagi hamkorlik masalalari ko‘rib chiqildi.
Germaniya vakillari O‘zbekiston tomonining “yashil” rivojlanish va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini joriy etish borasidagi sa’y-harakatlarini yuqori baholadi. Shu bilan birga, bu jarayonni qo‘llab-quvvatlashga va mavjud loyihalarni amaliy jihatdan rivojlantirishga tayyor ekanliklarini bildirdi.
Uchrashuv yakunida tomonlar o‘zaro hamkorlik aloqalarini kengaytirish, ikki tomonlama muloqotni izchil davom ettirish hamda mavjud va istiqbolli loyihalar yuzasidan fikr almashuvini kuchaytirish yuzasidan kelishuvga erishdi.
N.Ziyodulayeva tayyorladi,
O‘zA