Surxondaryo viloyati bojxona boshqarmasining “Ayritom” chegara bojxona postiga qo‘shimcha 20 kVt.li quyosh paneli o‘rnatildi. Endilikda qo‘shni davlat bilan chegaradosh hududdagi postda 120 kVt/s quvvatdagi quyosh panellari elektr energiyasi ishlab chiqarmoqda.
– “Ayritom” chegara bojxona postiga yana 20 kVt.li quyosh paneli o‘rnatilishi bilan bojxona postimizning elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojini to‘liq ta’minlash imkoniyati yaratildi, – deydi bojxona posti smena boshlig‘i Bahrom Shobirov. – Byudjet mablag‘ini tejashga xizmat qiladi. Biz iqtisod qilgan elektr energiyasidan boshqa iste’molchilar foydalanadi. Jumladan, “yashil” energiyaga o‘tishimiz bilan o‘tgan bir yilda 233 million so‘m mablag‘ tejab qolindi.

Mamlakatimizda “yashil” energetika milliy iqtisodiyotimizning yetakchi yo‘nalishlaridan biriga, iste’molchilarni arzon, ishonchli energiya bilan ta’minlaydigan muhim tarmoqqa aylanmoqda. Bu manbalardan foydalanayotgan iste’molchilar elektr energiyasiga ehtiyoj ortadigan yoz jaziramasi va qish chillasida ham bir maromda energiya bilan ta’minlanib, tarmoqda yuz berishi mumkin bo‘lgan uzilish va taqchillikni chetlab o‘tayotgani kuzatilmoqda. Elektr energiyasi tejalishiga erishilmoqda. Masalan, Surxondaryo viloyati bojxona boshqarmasining ma’muriy binosi va bojxona postlariga 610 kVt/s quvvatdagi quyosh panellari o‘rnatilgan. Quyosh nuridan beminnat elektr energiyasi yaratadigan zamonaviy qurilmalar o‘tgan yil va shu yilning o‘n oyida 1 million 180 ming kVt/s elektr energiyasi ishlab chiqargan. Uning 877 ming kVt/s elektr energiyasi boshqarma hisobidagi bino va inshootlar ehtiyoji uchun ishlatilib, 877 million so‘m byudjet mablag‘i tejalgan.

“Sariosiyo” chegara bojxona posti mamlakatimizning qo‘shni Tojikiston bilan chegarasida joylashgan. Mazkur post xodimlari quyosh panellari ishlab chiqarayotgan elektr quvvatidan ham foydalanmoqda.
– Bu yerga o‘rnatilgan quyosh panellari bir yilda 313,1 ming kVt/s elektr energiyasi ishlab chiqarmoqda, – deydi bojxona posti boshlig‘i Akmal Qodirov. – Bu quyoshli kunlarda elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojni to‘liq qoplayapti. “Yashil” energiyaning arzon va ishonchliligi bizda katta qiziqish uyg‘otib qoldi.
Viloyat bojxonachilari quyosh panellaridan oqilona foydalanish barobarida vohada bu borada amalga oshirilayotgan ishlarni tahlil qilib, muqobil energiya manbalari haqidagi ma’lumotlarni “Yashil energiya” axborot tizimiga kiritmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, viloyatda quvvati 60,49 MVt bo‘lgan 6 ming 671 inshootga quyosh paneli o‘rnatilgan. 19,57 MVt.li quyosh paneli 1 ming 283 ta ijtimoiy soha ob’ektlari va davlat idoralarida, 26,68 MVt quvvatga ega quyosh paneli mingdan ortiq tadbirkorlik sub’ektlarida energiya ishlab chiqarayotir. 4 ming 316 aholi xonadoni 13,36 MVt quvvatli, 66 ta ko‘p qavatli uyda yashovchilar 0,88 MVtli quyosh panelidan samarali foydalanmoqda.
Sherobod tumanida ishga tushirilgan viloyatda hozircha yagona 467 MVt quvvatga ega yirik stansiya ham hududdagi iste’molchilarning elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojini qoplashga xizmat qilmoqda. Quyosh panellari yordamida olinayotgan tekin elektr energiyasi atrof-muhitga zararli gazlar chiqarmasligi, uzluksiz elektr quvvati yetkazib berishi bilan ahamiyatli bo‘lmoqda.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri