O‘zbekistonda 2025 yil boshidan buyon quyosh va shamol elektr stansiyalari tomonidan ishlab chiqarilgan elektr energiyasi hajmi 2 milliard kilovatt soatga yetdi. Bu haqda Energetika vazirligi axborot xizmati ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, joriy yilning 12 aprel kuni soat 15:30 holatiga ko‘ra mazkur ko‘rsatkichga erishilgan. Ayni paytda mamlakatning 10 ta viloyatida jami 4067 megavatt quvvatga ega 11 ta quyosh fotoelektr stansiyasi va 3 ta shamol elektr stansiyasi faoliyat yuritmoqda. Ushbu ob’ektlar qayta tiklanuvchi energiya ishlab chiqarish orqali milliy energetika tizimida muhim o‘rin tutayotir.
Ma’lumki, O‘zbekistonda qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishga yo‘naltirilgan dastur 2022 yilda amalga joriy etilgan. O‘sha yili Navoiy va Samarqand viloyatlaridagi quyosh stansiyalari tomonidan 434 million kilovatt soat, 2023 yili esa 576,9 million kilovatt soat elektr energiyasi ishlab chiqarilgan.
2024 yil yakunida esa 7 ta viloyatda joylashgan 9 ta quyosh va 1 ta shamol elektr stansiyasi orqali 4 milliard 860 million kilovatt soat elektr energiyasi ishlab chiqarilgan.
Joriy yil boshidan buyon quyosh elektr stansiyalari 1 milliard 169,9 million kilovatt soat, shamol elektr stansiyalari esa 830,1 million kilovatt soat elektr energiyasi ishlab chiqardi. Bu ko‘rsatkich 2024 yilda shamol stansiyalari tomonidan ishlab chiqarilgan jami elektr energiyasi 799 million kilovatt soatdan yuqori.
Ishlab chiqarilgan “yashil” energiya hisobiga 600 million kub metr tabiiy gaz tejaldi. Shuningdek, atmosferaga 1 million 176 ming tonnadan ortiq karbonat angidrid va 1176 tonna azot oksidlari chiqishining oldi olindi.
Shuningdek, 2025 yil boshidan 12 aprel soat 15:30 ga qadar respublikadagi barcha gidro, quyosh va shamol elektr stansiyalari tomonidan jami 3 milliard 707 million kilovatt soat elektr energiyasi ishlab chiqarildi.
Ushbu ko‘rsatkich hisobidan 1 milliard 112,1 million kub metr tabiiy gaz tejaldi, atmosferaga 2 million 179 ming 716 tonna karbonat angidrid va 2179,7 tonna azot oksidlari chiqishining oldi olindi.
Qayd etish zarurki, mazkur miqdordagi elektr energiyasi 4 million 633 ming 750 ta xonadonning to‘rt oylik yoki 1 million 544,6 ming xonadonning to‘liq bir yillik energiya ehtiyojini qoplash imkonini beradi.
N.Ziyodullayeva, O‘zA