O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “Yashil” davlat xaridlarini qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qaror qabul qildi.
Unga muvofiq, davlat xaridlarini amalga oshirishda “yashil” davlat xaridlari tizimi joriy etiladi va bu ulush 2030 yilga qadar bosqichma-bosqich 30 foizga yetkaziladi.
Qarorga ko‘ra, “Yashil belgi” mahsulot va xizmatlarni yagona ixtiyoriy ekologik markirovkalash tizimining yoki xalqaro ekologik sertifikatlashtirish va standartlashtirish tizimlarining ekologik mezonlarga muvofiqlikni tasdiqlovchi tegishli hujjatiga ega tadbirkorlik sub’ektlaridan amalga oshirilgan davlat xaridlari va yoki tovarlarning (ishlarning, xizmatlarning) davlat xaridi “yashil” davlat xaridi hisoblanadi.
2026 yil 1 yanvardan boshlab:
a) davlat xaridlarini amalga oshirishda ekologik mezonlar eng yaxshi takliflarni tanlash va tenderlardagi xarid qilish hujjatlariga majburiy tartibda kiritiladi. Bunda:
ekologik markirovkalash hujjatining har bir turi uchun to‘plangan ballarning besh foizi miqdorida qo‘shimcha ball beriladi;
ishtirokchi taklifining ushbu mezonlarga mos kelmasligi ishtirokchini xarid qilish tartib-taomilidan chetlatish uchun asos bo‘lmaydi;
b) ekologik markirovkalash hujjatiga ega bo‘lgan va yoki tovarlari (ishlari, xizmatlari) ekologik markirovkalash hujjatiga ega davlat xaridlari ishtirokchilariga vositachilik yig‘imi miqdoriga nisbatan 30 foiz chegirma beriladi hamda ular tomonidan qo‘shimcha zakalat mablag‘lari kiritish talab etilmaydi;
v) davlat buyurtmachilari elektron kooperatsiya portali, elektron do‘kon va boshlang‘ich narxni pasaytirish uchun o‘tkaziladigan auksion savdolari orqali xarid qilinishi nazarda tutilgan tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) birinchi navbatda ekologik markirovkalash hujjatiga ega ishtirokchilardan xarid qilish imkoniyatini majburiy tartibda o‘rganadi. Bunda zarur bo‘lgan tovarlar (ishlar, xizmatlar) bo‘yicha ekologik markirovkalash hujjatiga ega bo‘lgan ishtirokchilar mavjud bo‘lmagan taqdirdagina, ularni boshqa ishtirokchilardan xarid qilishga ruxsat etiladi.
Mazkur qarorga muvofiq, Ayrim tovar guruhlarining davlat xaridlarida qo‘llanadigan namunaviy ekologik mezonlar tasdiqlandi.
Davlat buyurtmachilari o‘z ehtiyojlaridan kelib chiqib, 2026 yil uchun davlat xaridi bilan bog‘liq xarajatlarda “yashil” davlat xaridlari ulushini kamida 15 foizga yetkazadi. Bunda ushbu ko‘rsatkichni har yili kamida 5 foizga oshirib borish bo‘yicha choralar ko‘radi.
2025 yil 1 avgustga qadar davlat xaridlari maxsus axborot portalidagi “Yashil” davlat xaridlari sahifasiga quyidagi ma’lumotlarni joylashtirish choralari ko‘riladi:
davlat buyurtmachilari tomonidan amalga oshirilgan “yashil” davlat xaridlari;
“Yashil belgi” mahsulot va xizmatlarni yagona ixtiyoriy ekologik markirovkalash tizimida avtorizatsiyadan o‘tgan mahsulot va xizmatlarning ekologik markirovkalash standartlariga muvofiqligini baholovchi yuridik shaxslar ro‘yxati;
ekologik markirovkalash hujjatiga ega bo‘lgan va yoki tovarlari (ishlari, xizmatlari) ekologik markirovkalash hujjatiga ega tadbirkorlik sub’ektlari;
tovarlarning sifati, texnik tavsiflari hamda ishlab chiqarish jarayonlariga nisbatan belgilangan ekologik mezonlar ro‘yxati;
b) har yili xorijiy ekspertlar bilan hamkorlikda davlat xaridlari sub’ektlari uchun “yashil” davlat xaridlari sohasida xabardorlikni oshirish bo‘yicha qisqa muddatli bepul o‘qitish kurslari tashkil etiladi.
O‘zA