English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yashil bog‘lar ko‘payadi, qachonki nihollar parvarish qilinsa
16:01 / 2024-07-08

“Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida Toshkent viloyati bo‘ylab samarali ishlar amalga oshirilmoqda.

Ayniqsa, har bir hududning iqlimiga mos, kam suv talab qiladigan ko‘chatlarni tanlab, ularni yetarli miqdorda yetishtirish uchun ko‘chatxonalarni ko‘paytirish, “daftar”larga kirgan, ko‘chat ekish bo‘yicha tajribasi bor aholiga ko‘chatxonalar tashkil etish va zarur texnika, sifatli nihollar hamda urug‘lar xarid qilish choralari ko‘rildi.  

Mevali va manzarali daraxt ko‘chatlarini aholiga bepul tarqatish, xalqaro va respublika ahamiyatidagi yo‘llar, yashil hududlar barpo etishga alohida e’tibor qaratildi. Bu sa’y-harakatlarga mas’ullarga ko‘chatlar parvarishida hududlarning iqlim sharoiti, sug‘orish tizimlaridan samarali foydalanish vazifalari ham qo‘yilgan edi.  

Biroq hozirgi jazirama issiq kunlarda ayrim hududlarga yo‘lingiz tushsa yaqinda ekilgan daraxt ko‘chatlarining qurib qolganini kuzatish mumkin. Mazkur jarayonlar bilan tanishish maqsadida Toshkent viloyati Ekologiya boshqarmasi tomonidan joylarda reydlar olib borilmoqda. Natijada 29 ta noqonuniy holatlar aniqlandi. Bunda mas’ullar tomonidan 98 million 600 ming so‘m jarima belgilangan.  

Xususan, Toshkent viloyati Ekologiya boshqarmasi Zangiota tuman bo‘limi tomonidan nazorat tadbirlari davomida bahorgi mavsumda ekilgan ko‘chatlarning agrotexnik holatlari o‘rganildi. Hududdagi “Zangiota dehqon bozori” MCHJ tomonidan “Bog‘zor” MFY hududida ekilgan terak ko‘chatlariga yetarli parvarish bo‘lmagani sabab qurib qolgan. Shuningdek, Bekobod tumanida Sanitariya-epidemiologiya osoyishtalik markazi tuman bo‘limi tomonidan ekilgan 56 tup manzarali daraxt ko‘chati agrotexnik qoidalariga rioya qilinmagani natijasida qurib qolgan. Chinoz tumanda esa Obodonlashtirish boshqarmasi tomonidan ekilgan terak ko‘chatlarining ko‘pi qurigan. Olmaliq shahri Chambil mahallasi hududida joylashgan 1-sonli maktabgacha ta’lim tashkiloti bog‘ida ekilgan 60 tup mevali nihollar o‘z vaqtida sug‘orilmay qo‘yilgan. Bu holatlar bo‘yicha ko‘chatlarning qurib qolishiga yo‘l qo‘ygan mas’ullarga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning tegishli moddasiga asosan ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirildi va jarima chorasi qo‘llanildi.  

Savol tug‘iladi, kuz-bahor mavsumlarida ekilgan ko‘chatlar parvarishi nega to‘xtab qolyapti? Daraxtni shunchaki yerga qadash bilan ish bitmaydi, unga yaxshi e’tibor zarur. Shundagina mamlakatimiz yashillikka burkanishi shubhasiz.  

A.Musayev, O‘zA.