O‘zbekistonda “yashil” iqtisodiyotga o‘tish bo‘yicha bir qator strategik chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. “Yashil” biznesni rivojlantirish yo‘llarini to‘g‘ri aniqlash uchun “yashil” mahsulotlar, xizmatlar hamda mutaxassislarga bo‘lgan ehtiyojni bilish muhim.
Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti tomonidan “yashil” biznes mahsulotlari, xizmatlari va mutaxassislarga bo‘lgan ehtiyojni o‘rganish maqsadida so‘rov o‘tkazildi. Unda 720 kishi (respondent) ishtirok etdi. Ishtirok etganlarning qariyib 60 foizi mamalakatimizda amalga oshirilayotgan “yashil” iqtisodiyotga o‘tish strategiyasidan habardor ekanligini bildirgan.
O‘zbekistonda “yashil” iqtisodiyot uchun qaysi sohalar muhim, degan savolga so‘rovda qatnashganlarning 18,4 foizi chiqindilarni qayta ishlash, deb javob bergan. Respondentlarning 16,9 foizi “yashil” qurilish, 8,2 foizi ekologik turizmni eng muhim sohalar sifatida qayd etgan.
Respondentlarning 17,3 foizi bugungi kunda qayta tiklanadigan energiya manbalari bo‘yicha, 15,4 foizi chiqindilarni qayta ishlash bo‘yicha, 10,7 foizi shahar maydonini rejalashtiruvchi mutaxassislarga va energiya tejamkor uylarning arxitektorlariga talab nisbatan yuqori ekanligini e’tirof etgan.
Qaysi “yashil” mahsulotlarga talab yuqori, degan savolga respondentlarning 16,2 foizi tabiiy oziq-ovqat mahsulotlari, 15,0 foizi “yashil” texnologiyalar, 13,7 foizi ishlab chiqarishda atrof-muhitga kamroq ta’sir ko‘rsatadigan mahsulotlar, 10,8 foizi to‘qimachilik mahsulotlari, 10,3 foizi tabiiy materialdan tayyorlangan mahsulotlarga, deya javob bergan.
O‘zbekistonda yetishtirilayotgan oziq-ovqat mahsulotlarining aksariyatini ekologik toza, organik mahsulot deyish mumkin. So‘rov natijalari aholi orasida bunday mahsulotlarga talab, boshqa mahsulotlarga nisbatan 2,2 barobar yuqori ekanligini ko‘rsatdi.
So‘rov natijalariga ko‘ra “yashil” mahsulotlar, xizmatlar va mutaxassisliklar bo‘yicha tashviqot ishlari yetarlicha yo‘lga qo‘yilmaganligi hamda ekomahsulotlar, ekoxizmatlar va ekomutaxassislarga bo‘lgan talab nisbatan past darajada ekanligi kuzatildi.
Yuqoridagilardan kelib chiqqan holda quyidagi takliflar bildirilgan:
1. Mamlakatimiz sharoitida ekologik toza mahsulotlarni yetishtirish uchun barcha tabiiy sharoitlar mavjud. Bunday sifatli mahsulotlar eksporti hajmini keskin oshirish zaruratini inobatga olib, bu boradagi qonun, qonunosti hujjatlari, standartlash, markirovka masalalarini hal etish maqsadga muvofiq.
2. “Yashil” xaridorlarni yo‘qotmaslik uchun “yashil” tovarlarni ishlab chiqaruvchilar va sotuvchilar ma’lum bir reklama strategiyasiga rioya qilishi kerak.
Ushbu strategiyada quyidagi asosiy yondashuvlar e’tiborga olinadi: iste’molchilarning yashil mahsulotlar mavjudligi to‘g‘risida xabardorligini oshirish, iste’molchilarni ushbu mahsulotlarning ekologik va ijtimoiy barqarorlik jihatlari haqida doimiy ravishda xabardor qilish, umumiy ommaviy javonlarda “yashil” mahsulotlarni ajratib ko‘rsatish va do‘konda mijozlar bilan ishlash.
3. Iste’molchilarning “yashil” tovarlarga bo‘lgan iste’mol talabini ularni sotishdan real foydaga aylantirish tavsiya etiladi va quyidagi choralar ko‘rilishi lozim: korxonaning “yashil” tovarlarni ishlab chiqarishda olishi mumkin bo‘lgan mukofot narxini belgilash va maqsadli xaridorlarni aniqlash, ishlab chiqarilgan “yashil” tovarlarni joylashtirishning umumiy strategiyasini ishlab chiqish, integratsiyalashgan marketing strategiyasi va aloqa rejasini tayyorlash, ta’minot zanjiri bo‘ylab barqarorlikni ta’minlash tizimini shakllantirish.
Xulosa o‘rnida, “yashil” tovarlarni ishlab chiqarish deyarli barcha tarmoqlarni, jumladan, oziq-ovqat, dori-darmon va gigiyena vositalari, yog‘och va qog‘oz, mebel, qurilish materiallari, maishiy elektr jihozlari va boshqalarni qamrab oladi. Shu sababli, tadbirkorlar va savdo tashkilotlarining “yashil” tovarlarni ishlab chiqarish va sotish bo‘yicha ilg‘or tajribalarini keng targ‘ib qilish lozim.
B.Abdullayev,
MHTI loyiha rahbari.
O‘zA.