Yaroqsiz mahsulotlar aniqlandi
Buxoro viloyati bojxona boshqarmasining Kontrabandaga qarshi kurashish bo‘limi tezkor vakillari hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida qalbaki aksiz markalari bilan markalangan, iste’mol uchun yaroqsiz bo‘lgan spirt va alkogol mahsulotlarining noqonuniy muomalasiga barham berildi.
Olingan tezkor ma’lumotlarga asoslanib, kuzatuvga olingan Shofirkon tumanida yashovchi ikki nafar fuqaro boshqaruvida bo‘lgan “Isuzu” va “Damas” rusumli transport vositalari to‘xtatilib, belgilangan tartibda ko‘zdan kechirilgan. Tekshiruv jarayonida mazkur avtomobillarning yukxonalaridan turli hajmdagi 2 359 dona idishda jami 1 811,8 litr alkogol mahsulotlari aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirildi.



Dastlabki ko‘rikda mahsulotlar aksiz markalari bilan ta’minlangandek ko‘rinsa-da, xodimlarda uyg‘ongan shubha ekspertiza xulosalari bilan tasdiqlanib, aksiz markalarining qalbaki ekani tasdiqlandi.
Mazkur holat yuzasidan qonunchilikda belgilangan tartibda tegishli choralar ko‘rilmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.