Toshkent shahar hokimligi va qator mas’ul tashkilotlar bilan hamkorlikda talaba-yoshlar uchun "JOB FEST - 2025" bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasi bo‘lib o‘tdi.
Yoshlarning bandligiga ko‘maklashish, ularni mehnat bozoridagi kasblarga yo‘naltirish maqsadida tashkil etilgan yarmarkada 80 ga yaqin davlat va nodavlat tashkilotlar o‘zlarining bo‘sh ish o‘rinlari bilan ishtirok etdi. Tadbir davomida talaba-yoshlar tashkilot vakillari bilan bevosita muloqot qilib, dastlabki suhbatlarda qatnashdi. Ularga tegishli tarmoqlar va mutaxassisliklar bo‘yicha ko‘plab bo‘sh ish o‘rinlari to‘g‘risida ma’lumotlar taqdim etildi.

Shuningdek, yarmarka doirasida kasbga yo‘naltirish kurslari hamda xorijiy tashkilotlarning bo‘sh ish o‘rinlari ham taqdim etildi. Yarmarka doirasida talabalar ishga joylashish va amaliyot o‘tash bo‘yicha ham o‘zlariga mos imkoniyatlarni tanlash imkoniga ega bo‘ldi.
– Hozirgacha menga turizm yo‘nalishida ishlash uchun juda ko‘p takliflar tushdi, – dedi "Tashkent Perfect University" talabasi Malohat Umarqulova. – Bu mening kelajagim, kareram uchun qulay imkoniyat hisoblanadi.

Tadbirda qatnashgan korxona va tashkilotlar ham o‘zlariga zarur bo‘lgan kadrlarni tanlab olish, o‘zaro manfaatli shartnomalar hamda kelishuvlar rasmiylashtirish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Gulnoza Boboyeva,O‘zA