Andijon viloyati Buloqboshi tumanida “Bo‘sh ish o‘rinlari mehnat yarmarkasi” o‘tkazildi.
Tuman hokimligi, prokuraturasi, IIB hamda Kambag‘allikni qisqartish va bandlikka ko‘maklashish markazi hamkorligida tumandagi Bolalar va o‘smirlar sporti maktabida o‘tkazilgan yarmarka ochilishiga bag‘ishlangan tadbirda so‘z olganlar tomonidan mamlakatimizda aholi muammolarini hal etish, ayniqsa, bandligini ta’minlash, fuqarolarning doimiy daromad manbaini shakllantirish borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilayotganligi ta’kidlandi.

– O‘tkazilgan xatlov yakuni bo‘yicha tumanda 659 nafar ishsiz fuqaro borligi aniqlandi, – deydi tuman Kambag‘allikni qisqartish va bandlikka ko‘maklashish markazi rahbari Ilhomjon Ergashev. – Ana shu fuqarolarning, qolaversa, ta’lim muassasalarini bitiradigan, harbiy xizmatdan qaytishi kutilayotgan yoshlar bandligini ta’minlash yuzasidan ham chora-tadbirlar belgilangan.

O‘tkazilgan mehnat yarmarkasida tumandagi korxona, tashkilot va muassasalar o‘zlaridagi mavjud 356 vakant ish o‘rni bilan ishtirok etdi.
Mehnat yarmarkasida tuman IIB JXX Probatsiya hisobida turuvchi shaxslar, otaliqqa olingan hamda ishsiz 250 nafarga yaqin yoshlar qatnashdi.

Yarmarka davomida Kambag‘allikni qisqartish va bandlikka ko‘maklashish markazi mutaxassislari tomonidan 36 nafar fuqaroga korxona, tashkilot va muassasaga ishga joylashish uchun yo‘llanma berildi. Bundan tashqari, 32 nafar ishsiz yoshlar kasb-hunar o‘rganish uchun monomarkazlarga yuborildi.

Shuningdek, yarmarka doirasida korxona va tashkilotlar tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar ko‘rgazmalari tashkil etildi. Kambag‘allikni qisqartish va bandlikka ko‘maklashish markazi mutaxassislari esa yoshlar bilan mehnat qonunchiligi, ularning huquqiy bilimlarini oshirish borasida suhbatlar o‘tkazdi.
F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov (foto), O‘zA muxbirlari