English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yarim milliondan ortiq alp yigitlarning kattagina qismi jang maydonlarida halok boʻldi
10:04 / 2020-04-30

Oʻsha davrda matonatli oʻzbek xalqining mard va jasur oʻgʻlonlari ham qalb amri bilan tinchlik va osoyishtalik uchun kurashga otlandilar.


Dunyo yaralishidan buyon oʻtayotgan davrlar mobaynida insoniyat turli darajadagi qirgʻinbarot urushlarga, qonxoʻrlik, xunrezliklariga ham guvoh boʻlib kelmoqda. 1939-yilda fashistlar tomonidan uyushtirilgan Ikkinchi jahon urushi ham ana shunday bashariyat tinchligi, hayoti va kelajagiga raxna soluvchi dahshatli hodisa sifatida tarixda oʻchmas iz qoldirdi.

Ushbu shafqatsiz urush millionlab insonlar umriga zomin boʻldi, yuzlab shaharu qishloqlarni vayron etdi, insoniyat hayotini izdan chiqardi, har tomonlama zaiflashtirdi. Bu sovuq urushning sovuq oqibatlari tarix sahifalaridan mangu oʻrin egalladi. Qonxoʻr fashistlarning dahshatli jangu-jadallari ustidan qozonilgan gʻalabada koʻp millatli Oʻzbekiston xalqining ham munosib hissasi bor.

Oʻsha davrda matonatli oʻzbek xalqining mard va jasur oʻgʻlonlari ham qalb amri bilan tinchlik va osoyishtalik uchun kurashga otlandilar. Ikkinchi jahon urushi davomida va gʻalabaning dastlabki yillarida oʻzbek xalqi oʻz boshidan nihoyatda ogʻir va suronli damlarni oʻtqazdi. Frontga safarbar etilgan bir yarim milliondan ortiq alp yigitlarning kattagina qismi jang maydonlarida halok boʻldi, bedarak yoʻqoldi va bir qismi turli darajadagi jarohatlar bilan yaqinlari bagʻriga qayta oldi.

Bugungi tinch va osoyishta, toʻkin va farovon zamonda shu kunlarga yetib kelishimizga sharafli hissa qoʻshgan, mudhish kunlarni boshidan oʻtqazgan, urush ogʻirliklarini mardonavor yengib oʻtgan zahmatkash, matonatli xalqimiz, tinchligimiz posbonlari nomini yod etish va abadiylashtirish biz avlodlar zimmasidagi burchdir.

Prezidentimizning “Ikkinchi jahon urushida qozonilgan gʻalabaning 75 yilligini munosib nishonlash toʻgʻrisida”gi qarori ana shu borada tashlangan muhim qadam boʻldi, desak mubolagʻa boʻlmaydi. Davlatimiz rahbari taʼkidlaganlaridek: “El-yurtimizning urush yillarida koʻrsatgan mardlik va qahramonligi biz uchun ulkan jasorat maktabi, gʻurur-iftixor manbai boʻlib, vaqt oʻtgani sayin bu oʻlmas qadriyatlarning ahamiyati tobora ortib bormoqda”.

Mazkur qaror asosida Ikkinchi jahon urushida qozonilgan gʻalabaning 75 yilligini nishonlashga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish boʻyicha asosiy chora-tadbirlar dasturi hamda Toshkent shahrida barpo etiladigan Gʻalaba bogʻining konsepsiyasi tasdiqlandi va mutasaddi idoralarga tegishli koʻrsatmalar berildi.

Bugungi kunda shu asosda masʼul tashkilotlar hamkorligida Ikkinchi jahon urushi ishtirokchilari, mehnat fronti faxriylarini, shuningdek, mustaqillik yillarida Vatan himoyasi va xizmat burchini bajarish chogʻida halok boʻlgan harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining oila aʼzolarini har tomonlama ijtimoiy-huquqiy himoya qilish hamda ularni moddiy va maʼnaviy ragʻbatlantirish boʻyicha zaruriy chora-tadbirlar ishlab chiqildi va amalga oshirish mexanizmlari yoʻlga qoʻyildi.

Shuningdek, qarorda “Ajdodlarimiz jasorati – mangu barhayot” degan gʻoya asosida mamlakatimizdagi barcha viloyat, tuman va shaharlarda Ikkinchi jahon urushi ishtirokchilari qahramonliklari, oʻzbek xalqining front ortidagi fidokorona mehnati va gʻalabaga qoʻshgan beqiyos hissasi, front hududlaridan respublikamizga koʻchirib keltirilgan yuz minglab insonlarga nisbatan koʻrsatgan yuksak insonparvarlik fazilatlarini har tomonlama chuqur aks ettiradigan madaniy-maʼnaviy tadbirlar, targʻibot aksiyalari, konsert dasturlari, tasviriy sanʼat koʻrgazmalari, ijodiy kechalar, tanlovlar, ommaviy sport musobaqalari, “uch avlod vakillari uchrashuvlari”ni, hamda mehnat jamoalari, mahalla va guzarlarda, turar-joy mavzelarida obodonchilik ishlarini tashkil etish belgilan edi. Bugun bu ishlar xalqimiz tomonidan katta koʻtarinkilik bilan amalga oshirilmoqda. Fashizmga qarshi kurashda qahramonlik koʻrsatgan yurtdoshlarimiz haqida yangi badiiy va hujjatli asarlar, kino va spektakllar, musiqa va tasviriy sanʼat asarlari yaratilmoqda, Oʻzbekiston xalqining Ikkinchi jahon urushida fashizm ustidan qozonilgan gʻalabaga qoʻshgan hissasini aks ettiruvchi “Gʻalaba bogʻi” qad rostlamoqda.

Oʻylaymizki, urushdan saboq chiqargan, mardlik maktabida tahsil olgan fidoyi va oliyjanob xalqimiz global epidemiyaning ogʻir va sinovli davrlarini ham yana-da hamjihatlikda, yana-da birdamlikda mardonavor yengib oʻtadi.

Baxtiyor HUSANOV,
“Maʼrifat” targʻibotchilar jamiyati raisi