“Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi orqali mamlakatimizning eng chekka hududlarida ham ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatilishi yo‘lga qo‘yilgan. Ushbu dastur nafaqat moddiy yordam, balki kasbga yo‘naltirish, bandlikni ta’minlash, psixologik va huquqiy ko‘mak berish orqali oilalarni og‘ir ijtimoiy holatdan olib chiqishda muhim poydevorga aylanmoqda.
Buxoro viloyatida ham bu borada tizimli ishlar olib borilib, hozirgi kungacha 21 767 ta oila “Kambag‘al oilalar reyestri”ga kiritilgan. Ular ijtimoiy holatidan kelib chiqib “qizil”, “sariq” va “yashil” toifalarga ajratilib, har bir toifa uchun alohida ko‘maklashish mexanizmlari belgilab qo‘yilgan.

Buxoro tumani Anjirbog‘ mahallasida yashovchi Gulrux Ahmedova to‘rt farzandning onasi. Farzandlarining ikki nafari egizak. Uzoq vaqt davomida hech qayerda ishlay olmagan Gulruxning oilaviy ta’minoti faqatgina turmush o‘rtog‘ining mehnatiga bog‘liq edi. Bu esa oilaning kundalik ehtiyojlarini to‘liq qoplashga imkon bermadi.

Mahalla ijtimoiy xodimi Nodira Sevinova bilan o‘tkazilgan suhbatdan so‘ng Gulrux Ahmedova ijtimoiy xizmatlar tizimiga jalb qilindi. Natijada oila “Kambag‘al oilalar reyestri”ga kiritildi. Farzandlariga bola nafaqasi tayinlandi. Bolalari imtiyozli tartibda maktabgacha ta’lim muassasasiga joylashtirildi. Shu bilan birga yoshlar yetakchisi tomonidan Gulruxga tikuv mashinasi ham olib berildi.

Endilikda Gulrux Ahmedova nafaqat o‘z oilasi uchun qo‘shimcha daromad topmoqda, balki mahalladagi boshqa og‘ir ahvoldagi oilalar farzandlariga tikuvchilik kasbini bepul o‘rgatmoqda. Bu orqali u ijtimoiy jihatdan faol fuqaroga aylandi.
Davlat tomonidan yo‘lga qo‘yilgan “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi nafaqat moddiy ko‘mak berish, balki fuqarolarni jamiyatga qaytarish, ularning salohiyatini ro‘yobga chiqarish, hunarli, mustaqil shaxsga aylanishiga xizmat qilmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.