Yaratish va yashnatish nafasi
Fargʻona viloyati Uchkoʻprik tumanida tomorqadan muhim daromad manbai sifatida foydalanib, roʻzgʻorini toʻkin, turmushini farovon qilayotgan oilalar koʻp.
Fargʻona viloyati Uchkoʻprik tumanida tomorqadan muhim daromad manbai sifatida foydalanib, roʻzgʻorini toʻkin, turmushini farovon qilayotgan oilalar koʻp.
“Katta Qashqar” mahalla fuqarolar yigʻini hududida 5 ming 200 ga yaqin aholi istiqomat qiladi. Hudud aholisi tomorqadan omilkorlik bilan foydalanish borasida bir-biridan qolishmaydi. Kaftdek yerdan samarali foydalanib, oilasi farovonligini oshirmoqda, bozorni arzon va sifatli qishloq xoʻjaligi mahsulotlari bilan taʼminlashga hissa qoʻshmoqda.
“Katta Qashqar” mahalla fuqarolar yigʻini raisi Baxtiyor Hoshimovning taʼkidlashicha, bugungi kunda hududdagi aholi tasarrufida 105,3 gektar tomorqa yer mavjud boʻlib, qariyb 1000 ta xonadonda issiqxona tashkil etilgan. Tomorqadan yiliga uch, hatto toʻrt marta hosil olayotganlar ham koʻp.
Bahodir Yoʻdoshevlar oilasi shu kunlarda tomorqada 3 navdagi – 5,5 ming tup ertagi karam parvarishlayotir. Aprel oyida pishadigan karamdan oʻrtacha 5,5-6 tonna hosil olish rejalashtirilgan. Ayni paytda xonadondagi issiqxona pomidor ekish uchun tayyorlanyapti va bu 3 tonna serdaromad hosil olish imkonini beradi.
Oilaning bogʻi ham boʻlib, har yili 1,5-2 tonna shaftoli xorijga eksport qiladi. Bogʻ qator orasiga ishlov berishga ixtisoslashgan traktor, ikkita zamonaviy avtomashina ham tomorqa daromadi evaziga sotib olingan.
Mahalla fuqarolar yigʻiniga qarashli Mustaqillik koʻchasida yashovchi Ashurali Ahmadjonovlar oilasi tomorqadagi 6 sotix yerda issiqxona barpo etgan. Oʻtgan yili oila birgina limonning oʻzidan 25 million soʻm daromad olgan. Limonning tepasiga oʻrnashtirilgan oshqovoq hosili esa 3 tonna boʻldi. Shu bilan birga, chorvachilik, turli koʻkatlar yetishtirish ham oilaning qoʻshimcha daromadi sirasiga kiradi.
– Shu kunlarda yana 3 sotix issiqxona qurilishi ishlari yakuniga yetkazilmoqda, – deydi Ashurali Ahmadjonov. – Yangi issiqxonada oila aʼzolarimiz tomonidan zamonaviy usulda pomidor yetishtirish, shuningdek, pomidor-bodring, bulgʻor qalampiri, karam koʻchatlari tayyorlab sotish ham rejalashtirilgan. Hozir tumanimizning Sobirjon qishlogʻi mirishkorlaridan pomidor, Hasanqora qishlogʻi bogʻbonlaridan turli koʻchatlar tayyorlab sotish sirlarini astoydil oʻrganmoqdamiz.
Bugun Katta Qashqarda hayot nafasi, yaratish va yashnatish zavqi joʻsh urmoqda. Qishloq koʻchalarini aylanish asnosida mevazor bogʻlar, xonadon tomorqalaridagi issiqxonalar kayfiyatingizni koʻtaradi. Chunki hududdagi har bir oila tomorqadan qanday foydalanish va ulkan daromadga ega boʻlishni juda yaxshi biladi. Shuning uchun ham orzuga toʻla qishloq odamlari ezgu niyatlarini halol va sidqidildan qilingan mehnat orqali topilayotgan baxtli hamda farovon hayot evaziga roʻyobga chiqarmoqdalar.