French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yaratilgan sharoit a’lo natijani ta’minlaydi
18:03 / 2021-05-15

Har yili may oyining uchinchi yakshanbasi “O‘zbekiston Respublikasi konchilik va metallurgiya sanoati xodimlari kuni” sifatida keng nishonlanadi. Ushbu qutlug‘ sanaga Navoiy-kon metallurgiya kombinati jamoasi ham munosib tayyorgarlik ko‘rmoqda.

O‘zbekistonning oltin sandig‘i deya nom olgan Navoiy kon-metallurgiya kombinati yurtimiz iqtisodiy taraqqiyotida alohida o‘ringa ega. Ayni paytda 60 mingga yaqin ishchi-xodim mehnat qilayotgan kombinat jamoasi Markaziy Qizilqum mintaqasida topilgan oltin, uran va nodir metallarni o‘zlashtirish, eng yangi texnika va texnologiyalarga asoslangan zamonaviy korxonalarni foydalanishga topshirish hamda mamlakatimizni iqtisodiy rivojlantirish maqsadida mehnat qilmoqda.

Kombinat yurtimizdagi jami sanoat mahsulotining 10 foizini va byudjet daromadining 18 foizini ta’minlaydi.  

Ma’lumotlarga ko‘ra, kombinat oltin ishlab chiqarishda dunyoda 10-o‘rinda turadi. Butun jahon bo‘yicha oltin ishlab chiqarish ko‘rsatkichi pasayib borayotgan bir paytda NKMKda 2026 yilga borib oltin ishlab chiqarishni 30 foizga oshirish rejalashtirilmoqda.

Davlatimiz tomonidan Navoiy kon-metallurgiya kombinatini har tomonlama rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. 2020 yilda yurtimizda pandemiya tufayli karantin qoidalariga rioya qilingan holda ishning manzilli tashkil etilishi bois 7-gidrometallurgiya zavodida to‘rtta tegirmon bloki, 2-gidrometallurgiya zavodida 29 va 30-tegirmon bloklari, 5-gidrometallurgiya zavodining birinchi navbati, Taxiatosh metall konstruksiyalar va nostandart jihozlar ishlab chiqarish zavodida metallarni ruxlash uchastkasi, Navoiy mashinasozlik zavodida qoliplash uchastkasi, 2-gidrometallurgiya zavodida o‘lchovli quymalar ishlab chiqarish uchastkasi muddatidan oldin foydalanishga topshirildi. Shuningdek, “Muruntov” konini o‘zlashtirishning V-navbati bo‘yicha ham keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.  

bugungi importning o‘rni oshib borayotgan bir paytda tizimda mahalliylashtirish dasturiga asosan mahsulot ishlab chiqarishga alohida e’tibor qaratilgan. Birgina 2020 yilda 138 ta loyiha bo‘yicha 352,3 milliard so‘mlik mahalliylashtirilgan mahsulotlar ishlab chiqarilgan bo‘lsa, joriy yilda 154 ta loyiha bo‘yicha 432,9 milliard so‘mlik mahsulot, shu jumladan, 71 ta yangi turdagi mahsulotlar ishlab chiqarish ko‘zda tutilgan. Shuningdek, 2020 yilda kombinatda tarmoqlararo kooperatsiya doirasida mahalliy ishlab chiqaruvchilardan 3,5 trillion so‘mlik mahsulot xarid qilindi.  

Joriy yilning 22-24 aprel kunlari Navoiy mashinasozlik zavodida bo‘lib o‘tgan Respublika tarmoqlararo kooperatsiya sanoat yarmarkasida kombinat tomonidan qiymati 225,7 milliard so‘m bo‘lgan 117 ta shartnoma imzolandi. Shuningdek, xarid qilish bo‘yicha 42 ta, sotish bo‘yicha esa 6 ta memorandum tuzildi.

Darvoqe, qayerdaki ish to‘g‘ri tashkil etilsa, sohada mehnat qilayotgan ishchi-xodimlar mehnati qadrlansa, ishlab chiqarish quvvati ishib, ko‘zlangan natijalarga erishiladi. O‘tgan yili 49,2 trillion so‘mlik mahsulot, shuningdek, 300 million AQSH dollarlik qo‘shimcha mahsulot ishlab chiqarildi.

Birgina joriy yilning 4 oyi mobaynida ishlab chiqarish hajmi 16,9 trillion so‘mni tashkil etib, belgilangan reja 102,5 foizga bajarildi. Oltin ishlab chiqarish rejasi 102,7 foizga, kumush ishlab chiqarish rejasi 100,1 foizga, uran ishlab chiqarish rejasi 100 foizga, eksport rejasi 116,1 foizga uddalandi. Investitsiya dasturi bo‘yicha 157,4 million AQSH dollarlik kapital quyilmalar o‘zlashtirilib, reja 101,3 foizga ado etildi. Mahalliylashtirish dasturi doirasida 127 ta loyiha bo‘yicha 149,3 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilib, o‘sish sur’ati 125 foizga ta’minlandi.

Erishilayotgan barcha yutuqlarda kombinat ishchi-xodimlarining munosib hissasi borligini alohida e’tirof etish lozim. Ularning ijtimoiy sharoitlarini yaxshilash maqsadida 2020 yilda “Auminzo-Amantoy” kon maydonida 1,5 ming kishilik Ishchilar shaharchasi, “Dovgiztov” koni ishchi-xizmatchilari uchun ikkita yotoqxona, 5-kon boshqarmasi “Jingeldi” maydonida 120 o‘rinli ishchilar maskani barpo etildi.

bugungi kunda kombinat tizimidagi barcha korxonalarda ulkan yaratuvchanlik va bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda. Ularning barchasi yurtimiz tinchligi, Vatanimiz taraqqiyoti va xalqimiz farovonligi uchun xizmat qilayotganligi bilan ahamiyatlidir.  

Abduvali Bo‘riyev, Siroj Aslonov (foto), O‘zA