Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yaratilgan imkoniyatlar o‘z samarasini bermoqda
15:27 / 2025-09-16

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 15 sentyabr kuni Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumaniga tashrif buyurdi hamda o‘qituvchi va murabbiylar bilan muloqot qildi.

Davlatimiz rahbari ta’lim-tarbiya tizimida alohida o‘rnak ko‘rsatgan xodimlardan bir guruhiga davlat mukofotlarini tantanali topshirdi hamda ta’lim sifatini oshirish, o‘qituvchi va murabbiylarni yanada qo‘llab-quvvatlash masalalarini muhokama qildi.  

Muloqotda o‘zi yosh bo‘lishiga qaramasdan yuzlab o‘g‘il-qizlarni yuqori marralarga yetaklayotgan buxorolik Billura Ikromova ham qatnashdi. Billura Top-200 talikka kiradigan Buyuk Britaniyaning Reding oliygohini bitirgan.

– Davlatimiz rahbari yaratib bergan imkoniyatlar tufayli ko‘plab yoshlarimiz nufuzli xorijiy oliy ta’lim muassasalarida tahsil olmoqda, – deydi Romitan tumani Qizilravot qishlog‘idagi 38-umumta’lim maktabi o‘qituvchisi Billura Ikramova. – Men ham “El-yurt umidi” jamg‘armasi ko‘magida Buyuk Britaniyaning Reding universitetida tahsil oldim. Imtiyozli diplom bilan yurtimizga qaytdim. To‘g‘risi  bir nechta nufuzli tashkilotlardan ish takliflarini oldim. Ammo men uyimizdan 230 kilometr uzoqda, Xorazm viloyati hududidan 5 kilometr masofada joylashgan chekka maktabga har hafta qatnab, ingliz tili fani o‘qituvchisi sifatida ish boshladim. Bu maktabda ingliz tili fani o‘qituvchisi yo‘q ekan. Ana ikki yildan buyon o‘quvchilarim ingliz tili fanidan ilk yutuqlarga erishmoqda. Ular fan olimpiadalarida g‘olib bo‘ldi, til sertifikatlarini qo‘lga kiritdi. Ishontirib aytamanki, xudo xohlasa, o‘quvchilarim orasidan Garvard talabalari ham yetishib chiqadi. O‘quvchilarga bilim berish barobarida ko‘plab loyihalarni amalga oshiryapman. Jumladan, olis hudud qizlari uchun mentorlik loyihasini ishlab chiqdim.

Billura muloqotda davlat rahbariga amalga oshirgan muvaffaqiyatli loyihalari va qo‘lga kiritgan natijalari haqida so‘zlab berdi.  

–Men xalqaro donor tashkilotidan 120 ming dollar grant mablag‘ini jalb qilib, O‘zbekistondagi davlat va nodavlat tashkilotlari uchun grant takliflarini tayyorlash loyihasini amalga oshirdim,  – deydi Billura. –Loyihada ishtirok etgan 112 nafar tinglovchi 6 oy ichida men jalb qilgan mablag‘dan 10 barobar ko‘p — ya’ni 1 million 200 ming dollar xalqaro grantlarni mamlakatimizga olib kirdi. Bu mamlakatimizda xalqaro donorlar bilan samarali ishlash mumkinligining yorqin namunasidir. Ammo hozirgi kunda grantlar asosan oliygohlar doirasida jalb etilmoqda. Universitetlarda grant yozish ko‘nikmasiga ega kadrlar ko‘p, ammo maktablarda bunday mutaxassislar yetarli emas. Shu bilan birga, aynan maktablarni rivojlantirish uchun xalqaro donorlar ajratadigan mablag‘lar katta, imkoniyatlari esa keng. Ma’lumki, Prezidentimiz tashabbusi bilan barcha maktablarda maslahatchi lavozimi joriy etildi. Agar maktab maslahatchilarini grant yozish va xalqaro investitsiya jalb qilish bo‘yicha maxsus kurslarda o‘qitsak, ular maktablar doirasida ham xalqaro investitsiyalarni jalb qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bu esa ta’lim tizimining barcha bo‘g‘inlarda teng va izchil rivojlanishiga xizmat qiladi. Maslahatchilarni grant loyihalarini yozishga o‘rgatish zarur.  

Muloqotda Billura Ikromova davlatimiz rahbariga ana shunday  keng imkoniyatlar yaratib bergani uchun minnatdorlik bildirdi.  

Zarif Komilov,

Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari.