Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yaratilayotgan har 10 ish o‘rnining bittasi turizm sohasi hisobiga to‘g‘ri kelmoqda
11:18 / 2023-12-19

Munosabat

Sir emaski, turizm yo‘nalishi jahon iqtisodiyotida yuqori daromadli va jadal rivojlanib boruvchi sohalardan hisoblanadi. Shuningdek, turizmning xalqaro ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy va madaniy aloqalarni mustahkamlashdagi o‘rni ham yuqori. Bu ayniqsa, bugungi globallashuv va geosiyosiy tarangliklarni yumshatishda muhim ahamiyat kasb etadi. 

Shu bois, so‘nggi yillarda O‘zbekistonda ham turizm sohasini rivojlantirishda salmoqli ishlar amalga oshirildi. Xususan, "O‘zbekiston - 2030" strategiyasi doirasida kelgusi yetti yillikda xorijiy sayyohlar sonini 15 millionga, ichki sayyohlar sonini 25 millionga, ziyorat turizmi bo‘yicha keladigan sayyohlar sonini 3 millionga oshirish maqsad qilingan. 

Albatta ushbu maqsadlarga erishish uchun qulay infratuzilmani yaratish zarur. Kelgusida xususiy investitsiyalarni jalb qilish hisobiga respublikada 30 ta yirik turizm klasteri tashkil etilib, mehmon o‘rinlari soni kamida 2 barobarga oshiriladi. Tog‘li hududlarda 25 ta dor yo‘llari qurilib, turizm mahallalari soni 175 taga yetkaziladi. 

Xorijlik sayyohlar uchun barcha xalqaro aeroportlarda respublikadan sotib olingan va rasmiylashtirilgan mahsulotlar uchun “Tax free” tizimi joriy etiladi. “Ko‘hna tarix durdonalari” milliy dasturi ishlab chiqilib, uning doirasida madaniy meros ob’ekti restavratsiya qilinib, yodgorliklarda “ochiq osmon muzey”lari tashkil qilinadi. 

Erishilgan natijalarni qadam-baqadam tahlil qilish hamda orttirilgan tajriba belgilangan maqsadlar bo‘yicha yanada yuqori natijalarga erishish imkonini beradi. Shu bois, davlatimiz rahbari boshchiligida o‘tkazilgan navbatdagi videoselektor yig‘ilishida ham turizm sohasi imkoniyatlarini yanada kengaytirish masalalariga alohida to‘xtalib o‘tildi. 

Xususan, kelgusida mamlakatimizga sayyohlar oqimini yanada oshirish uchun mehmonxona va mehmon uylarini ko‘paytirish maqsadida Parkentdagi Kumushkon, Hisarak, So‘qoq, Boshqizilsoy, Changi, Zarkent, Boyqozon mahallalarida turizm maskanlari tashkil etiladi. Shuningdek, Xonobod shahri, Boysun, Baxmal, Forish, Angren va Ohangaronda ham turizm maskanlari master rejalari ishlab chiqiladi. 

Omonxona, Maydanak kabi turistik ob’ektlar infratuzilmasini yaxshilashga 30 million dollar yo‘naltirish, turizm ob’ektlariga olib boruvchi yo‘llar infratuzilmasiga qo‘shimcha 200 milliard so‘m ajratish belgilandi. Yo‘llarni ta’mirlash bilan birga, ularning atrofida kompleks xizmatlarni rivojlantirishda yangicha yondashuv joriy qilinadi. 

Mamlakatga turistlar sonini oshirishda sinalgan yana bir tajriba, bu tilla buyumlar savdosidir. Afsuski, hozirgi vaqtga qadar mamlakatimizda buning uchun yetarli sharoit yaratilgan bo‘lsa ham, o‘tgan ikki yilda juda kam tilla buyumlar sotilgan. Shu bois kelgusi yil zamonaviy zargarlik komplekslarini har bir hududda tashkil qilish muhimligi ta’kidlandi. Ulardagi do‘kon va rastalar, zargarlik uskunalari 7 yilga bo‘lib to‘lash sharti bilan lizingga beriladi. 

Shuningdek, mamlakatimizda xalqaro “O‘zbekiston ipak matolari” moda haftaligi tashkil qilinib, unga dunyoning yetakchi moda uylari taklif qilinadi. Tayyor ipak mahsulotlari tanlovi o‘tkaziladi va mukofot jamg‘armasiga har yili 2 million dollar ajratiladi. 

Ham ichki ham tashqi turizm rivojidagi yana bir muhim tashrif qog‘ozi, bu — bozorlar sanaladi. Yig‘ilishda hozirda bozorlarda sayyohlar uzoq ushlanib qolmayotgani, ayrim bozorlardagi kirib-chiqishdagi noqulayliklar, tirbandlik aholi va sayyohlar e’tiroziga sabab bo‘layotgani ta’kidlanib, bozorlarimizning sotuvchi va xaridorlar, turistlar uchun qulayligini oshirishga qaratilgan qator chora-tadbirlar belgilandi.

Shu munosabat bilan bozorlarimizni turistlar kunlab vaqtini o‘tkazishi mumkin bo‘lgan majmualarga, mamlakatimizning “tashrif qog‘ozi”ga aylantirish, bunda milliy madaniyatimizni aks ettirgan yangi zamonaviy bozor komplekslari loyihasini ishlab chiqish topshirildi. 

Turizm sohasi rivojida yuqoridagi kabi maqsad va rejalar mamlakatimizning iqtisodiy imkoniyatini oshiribgina qolmay, aholi uchun qulay va daromadli ish o‘rinlari yaratilishiga ham xizmat qiladi. Tahlillarga ko‘ra, hozirda dunyoda yaratilayotgan har 10 ish o‘rnining bittasi turizm sohasi hisobiga to‘g‘ri kelmoqda. 

Muzafara ABDIEVA, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, 

O‘zA