Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Yarashuv instituti” qanday natija bermoqda? — Ichki ishlar vazirining javobi ko‘rib chiqildi
10:54 / 2022-12-14

Mamlakatimizda qonun ustuvorligini ta’minlash, huquq-tartibotni mustahkamlash va jinoyatchilikka qarshi kurashishning muhim kafolati sifatida amalga oshirilayotgan sud-huquq sohasidagi islohotlar muhim ahamiyat kasb etmoqda. Ichki ishlar vazirligi tomonidan “O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida"gi qonun loyihasi ishlab chiqilib, qabul qilindi.

Mazkur qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 12 ta moddasida nazarda tutilgan ma’muriy huhuqbuzarliklarni sodir etgan shaxs, agar u o‘z aybiga iqror bo‘lsa, jabrlanuvchi bilan yarashsa va yetkazilgan zararni bartaraf etsa, ma’muriy javobgarlikdan ozod etilishi mumkinligi va ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish yarashilgani munosabati bilan tugatilishi mumkinligi belgilandi.  

O‘tgan bir yil davomida yarashilganligi munosabati bilan ma’muriy javobgarlikdan ozod qilish to‘g‘risida qabul qilingan jami 45 ming 17 ta qarordan 13 tasi yoki 0,03 foizi sudlar tomonidan bekor qilinib, huquqbuzarga nisbatan jarima jazosi qo‘llanilgan. Ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan yarashilgani munosabati bilan ma’muriy javobgarlikdan ozod qilish to‘g‘risida qabul qilingan qarorlar viloyatlar kesimida o‘rganilganida o‘tgan bir yilda Qashqadaryo viloyatida 9 ming 341, Toshkent viloyatida 6 ming 116, Farg‘onada 4 ming 543 hamda Surxondaryoda 3 ming 965 ta bu toifadagi qarorlar qabul qilingan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich Navoiy viloyatida 1 ming 819 tani, Sirdaryoda 1 ming 496, Xorazm viloyatida esa 572 tani tashkil etgan.  

Shuningdek, Ichki ishlar vazirligining 2021 yil 10 dekabrdagi “Yarashuvga doir ma’muriy huquqbuzarlik ishlarini ko‘rib chiqish va sudga yuborish tartibi to‘g‘risidagi yo‘riqnomani tasdiqlash haqida“gi buyrug‘iga asosan, ichki ishlar organlari profilaktika inspektorlari hamda yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xodimlariga Yarashuvga doir ma’muriy huquqbuzarlik ishlarini ko‘rib chiqish amaliyoti joriy etilgan.  

Tergovga qadar tekshiruv davomida, majburiy tarzda “Yarashuv instituti”ni tatbiq etish, yetkazilgan zarar qoplanmagan hamda jabrlanuvchi xohishiga zid ravishda yarashuv amaliyoti qo‘llanishining oldini olish borasida tegishli chora-tadbirlar amalga oshirilib, nazorat o‘rnatilgan. E’tiborlisi, o‘tgan davrda ichki ishlar organlari tizimida ma’muriy huquqbuzarliklarni ko‘rib chiqish jarayonida yarashuv institutini qo‘llash bilan bog‘liq bo‘lgan barcha holatlarda fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlari buzilishi holatlariga yo‘l qo‘yilmagan.    

Ushbu ma’lumotlar Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida aytib o‘tildi. Unda deputatlar Yarashilganligi munosabati bilan ma’muriy javobgarlikdan ozod qilishga oid qonundagi normalarning ijrosi yuzasidan yuborilgan Qonunchilik palatasining parlament so‘roviga Ichki ishlar vaziri P.Bobojonovning javobini ko‘rib chiqdi.  

 

Muhtarama Komilova,  

O‘zA