Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yarashuv instituti – jinoyat qonunchiligi liberallashuvining muhim yutuqlaridan biri
17:58 / 2024-02-12

Dunyoda qancha davlat, millat bo‘lsa, ularning bir-biriga o‘xshamaydigan o‘ziga xos jihatlari ko‘p. O‘zbek xalqi haqida gap ketsa, bir-birining quvonchiga sherik bo‘lish, musibatidan qayg‘urish, adashib xato qilganlarni to‘g‘ri yo‘lga solish, kechirimlilik kabi olijanob fazilatlari e’tirof etiladi.

Mamlakatimizda sud-huquq tizimini liberallashtirish yuzasidan amalga oshirilayotgan islohotlarda ham bu an’ana ifodasini topmoqda. Jumladan, jinoyat qonunchiligi liberallashuvining muhim yutuqlaridan biri –yarashganlik munosabati bilan javobgarlikdan ozod qilish institutining joriy etilishi bo‘ldi. Natijada minglab fuqarolar “sudlangan”, degan tamg‘adan asrab qolindi, minglab oilalar o‘rtasida dushmanlik kayfiyati paydo bo‘lishiga to‘siq qo‘yildi va fuqarolar manfaati ishonchli hamda samarali ta’minlandi. 

Mustabid tuzum davrida esa aytaylik, avtoulov haydovchisi yo‘l harakati qoidalarini buzib, yo‘lovchiga tan jarohati yetkazsa, garchi u pushaymon bo‘lib, jabrlanuvchiga yetarlicha yordam ko‘rsatgan taqdirda ham jinoiy javobgarlikka tortilardi. Bundan uning oilasi ham aziyat chekar va farzandlari tarbiyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatardi. Bir odamni jazoni ijro etish muassasada saqlab turishning o‘zi ham davlatga ortiqcha xarajat ekanini e’tiborga olsak, yarashuv institutining qadri yanada oshadi. Shuningdek, dastlabki tergov ishlarini olib borish va ishni sudda ko‘rib chiqish uchun sarflanadigan vaqt ham, sarf-xarajat ham qisqaradi. 

Yarashuv institutining afzalligi shundaki, birinchidan, jabrlanuvchiga yetkazilgan zarar tez va to‘liq ta’minlanadi. Ya’ni, uning manfaatlari ustuvor sanaladi. Ikkinchidan, jinoyat sodir etgan shaxs jinoiy javobgarlikdan ozod etilgani uchun sudlanmagan hisoblanadi. Uchinchidan, aybdor jazolanmasdan tarbiyalanadi. 

Yarashuv jamiyatda sudlanganlik holatini kamaytiribgina qolmay, uning uzoq davom etadigan, hatto avlodlar taqdiriga ham ta’sir o‘tkazadigan oqibatlarini bartaraf etish imkonini berdi. Qolaversa, aybga iqror bo‘lishni rag‘batlantirayotgan bu samarali huquqiy institut ortiqcha sud-tergov harakatlariga barham berdi. Jarayonni tezlashtirish va soddalashtirishga yo‘l ochdi. Fuqarolarning vaqtini tejadi. 

Shu o‘rinda bir misolni keltirib o‘tsak. Poytaxtimizda yashovchi P.Yu.o‘tgan yilning 3 dekabrida Yakkasaroy tumanida joylashgan savdo majmualaridan birida fuqaro I.D.ga tegishli 1 300 000 so‘mlik uyali telefon apparati va har biri 10 000 so‘mlik ikkita sim kartani o‘g‘irlagan. Sud majlisida jabrlanuvchi I.D. gumonlanuvchi P.Yu.bilan yarashgani haqidagi ariza bilan murojaat etib, unga yetkazilgan moddiy zararni to‘liq qoplab bergani sababli P.Yu.ga oid jinoyat ishini harakatdan tugatishni so‘radi. Sud ajrimiga ko‘ra, jinoyat ishi taraflar yarashgani munosabati bilan harakatdan tugatildi. 

Qisqacha aytganda, qonunchiligimizdagi o‘zgarishlarga binoan hozirda yarashuv instituti samarali qo‘llanilayotgani inson huquqlari, erkinliklari va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlari ustuvor qadriyat sifatida e’zozlanayotganining yaqqol ifodasidir. 

Azimjon Hakimov,

Jinoyat ishlari bo‘yicha Yakkasaroy tuman sudining sudyasi.