Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yarashganligi munosabati bilan 98 ming 659 nafar shaxs maʼmuriy javobgarlikdan ozod etildi
16:19 / 2024-01-25

Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan o‘tgan yilda 721 ming 662 nafar shaxsga nisbatan qariyb 700 ming ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish ko‘rib chiqildi. 420 ming 188 nafar shaxsga nisbatan ma’muriy jazolar qo‘llanildi.

Oliy sud axborot xizmatidan ma’lum qilishlaricha, yarashganligi munosabati bilan 98 ming 659 nafar shaxs ma’muriy javobgarlikdan ozod etildi.

Ko‘rilgan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlarning aksariyatini avtomobil transportida yo‘lovchilar tashish faoliyati bilan litsenziyasiz shug‘ullanish tashkil etgan. 

Mayda bezorilik, ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik, haqorat qilish, savdo yoki xizmat ko‘rsatish qoidalarini buzish holatlari ham ko‘p uchragan. 
Keyingi o‘rinlarni elektr, issiqlik energiyasi, gazdan foydalanish qoidalarini buzish, transport vositalari haydovchilarining yo‘l harakati qoidalarini buzishi jabrlanuvchiga yengil tan jarohati yoki ancha miqdorda moddiy zarar yetkazilishiga olib kelishi, jamoat joylarida alkogol mahsulotini iste’mol qilish, yengil tan jarohati yetkazish va sovuq qurolni yoki sovuq qurol sifatida foydalanilishi mumkin bo‘lgan ashyolarni olib yurish bilan bog‘liq ma’muriy huquqbuzarliklar egallagan.

Transport vositalari haydovchilarining yo‘l harakati qoidalarini buzishi jabrlanuvchiga yengil tan jarohati yoki ancha miqdorda moddiy zarar yetkazilishiga olib kelishi bilan bog‘liq ma’muriy huquqbuzarlik bo‘yicha 36 ming 911 nafar shaxsga nisbatan 36 ming 185 ta ish ko‘rib chiqilgan. Shundan 22 ming 139 nafar shaxsga nisbatan jarima va transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum etish kabi ma’muriy jazolar qo‘llanildi. 
Shu bilan birga, transport vositalarini mast holda boshqarish hamda transport vositalari haydovchilarining va yo‘l harakati boshqa ishtirokchilarining mastligi yoki mast emasligini aniqlash uchun tekshiruvdan o‘tishdan bo‘yin tovlashi bilan bog‘liq ma’muriy huquqbuzarliklar bo‘yicha 30 ming 702 nafar shaxsga nisbatan 30 ming 459 ta ish ko‘rilgan. Shundan 29 ming 527 nafar shaxsga nisbatan jarima, transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum etish va ma’muriy qamoqqa olish kabi ma’muriy jazolar qo‘llanildi.

Apellyatsiya tartibida 13 ming 364 nafar shaxsga nisbatan 11 ming 168 ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish ko‘rib chiqildi. 3 ming 181 nafar shaxsga nisbatan birinchi instansiya sudlari tomonidan chiqarilgan qarorlar bekor qilinib, 3 ming 195 nafar shaxsga nisbatan chiqarilgan sud qarorlari o‘zgartirildi.

Oliy sudning Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati tomonidan kassatsiya tartibida 1 ming 385 nafar shaxsga nisbatan 1 248 ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish ko‘rib chiqildi. 421 nafar shaxsga nisbatan quyi sudlar tomonidan chiqarilgan qarorlar bekor qilinib, 186 nafar shaxsga nisbatan chiqarilgan sud qarorlari o‘zgartirildi.

Kassatsiya instansiyasida 23 nafar shaxsga nisbatan 22 ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish takroran ko‘rib chiqilgan. 22 nafar shaxsga nisbatan chiqarilgan qarorlar bekor qilinib, 1 nafar shaxsga nisbatan chiqarilgan sud qarori o‘zgartirilgan.

N. Abduraimova, O‘zA