Yig‘ilishda bu sharoitda bog‘chalarni ko‘paytirish juda dolzarb ekani ta’kidlandi.
Bu borada tadbirkorlarga bir qator yengilliklar e’lon qilingan edi. Ulardan unumli foydalanib, Namangan shahrida bu yil 5 ming, keyingi yil 15 ming o‘rinli bog‘cha tashkil qilish muhimligi ta’kidlandi.
Namangandagi 49 ta texnikumga xorijiy standartlarni olib kelib, ularning barchasida dual ta’limni yo‘lga qo‘yish topshirildi.
So‘nggi uch oyda “Faol hayotga qadam” dasturi doirasida Namangandagi 48 ta tadbirkor 3 mingga yaqin o‘zgalar parvarishiga muhtoj katta yoshdagilarga qarab turish xizmatini yo‘lga qo‘ygan. Natijada ularga qarash bilan bog‘lanib qolgan 350 nafar aholi ishga chiqdi va daromadli bo‘ldi.
Ijtimoiy himoya milliy agentligiga endilikda demensiya va Parkinson kabi kasalliklar bilan xasta odamlar uchun ham qarab turish xizmatini yo‘lga qo‘yish topshirildi.
Shuningdek, kunduzgi parvarish xizmatlariga qo‘shimcha ravishda nogironligi bor bolalarni funksionalligini oshirishga qaratilgan reabilitatsiya va pedagogik xizmatlarni joriy etish muhimligi qayd etildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Namangan viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yuzasidan yig‘ilish davom etmoqda.
O‘zA