Tojikistonda 2023 yilga kelib sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini 4,6 milliard dollarga yetkazish rejalashtirilmoqda. Bu 2020 yilgi ko‘rsatkichlari bilan taqqoslaganda 41,6 foizga ko‘p deganidir, deb yozadi Xovar agentligi.
Tojikistonning asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlari tahliliga ko‘ra, bu yil sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish 13,8 foizga o‘sishi bashorat qilinmoqda.
2022 yilda ushbu ko‘rsatkichni 14 foizga, 2023 yilda 15,6 foizga oshirish mo‘ljallanmoqda.
Rejaga ko‘ra, 2030 yilga kelib sanoatning Respublika yalpi ichki mahsulotidagi ulushi 21 foizga yetkazilishi kerak.
Tojikiston sanoatida uchta soha asosiy o‘rin tutadi. Ular tabiiy qazilmalar, elektroenergetika va oziq-ovqat sohalaridir. Bundan tashqari, Tojikiston iqtisodiyotida yengil sanoat, qurilish va mashinasozlik tarmoqlarining ham sezilarli o‘rni bor.
Mamlakat mustaqillik yillarida ko‘mir importiga to‘liq barham berdi. Respublika ko‘mir bilan o‘z ehtiyojlarini to‘la ta’minlashdan tashqari, ushbu yoqilg‘i turini O‘zbekiston va Pokistonga eksport ham qilmoqda.
Yana shuni ham ta’kidlash joizki, Tojikistonda mustaqillik yillarida sanoat sohasida faoliyat yuritayotgan nodavlat korxonalar ulushi ham 3 foizdan 91 foizgacha ortgan.