Isroil – Eron mojarosi havo qatnovini izdan chiqardi. Shanba va yakshanba kunlari Bahrayn, Eron, Iroq, Isroil, Iordaniya, Kuvayt, Qatar va BAA osmoni qisman yoki to‘liq yopildi. Natijada minglab reys bekor qilindi, yuzlab samolyot yo‘nalishini o‘zgartirdi, o‘n minglab yo‘lovchi aeroportlarda qolib ketdi.
“Cirium” avia tahlil kompaniyasi ma’lumotiga ko‘ra, shanba kuni Yaqin Sharqqa qo‘nishi rejalashtirilgan 4 218 reysning 966 tasi yoki 22,9 foizi amalga oshmagan. Yakshanba kuni esa 4 329 reysdan 716 tasi bekor qilingan. “Flight Aware” global miqyosda 19 000 dan ko‘p reys kechikkanini qayd etdi.
“Flightradar” ma’lumotiga ko‘ra, faqat dam olish kunining o‘zida mintaqadagi yetti yirik aeroportda 3 400 dan ortiq reys bekor qilingan.
To‘xtab qolgan majmualar orasida “Dubai International Airport”, “Hamad International Airport” va “Zayed International Airport” bor. Dubay aeroportida to‘rt kishi jarohat olgani aytildi, Abu-Dabiga dron hujumi tufayli bir kishi halok bo‘lib, yetti kishi yaralangan. Kuvayt aeroportida ham zarba haqida xabar berilgan.
Mintaqadagi yirik tashuvchilar – “Emirates”, “Etihad Airways” va “Qatar Airways” reyslarni ommaviy ravishda to‘xtatdi. “Lufthansa” guruhi, “Air France”, “British Airways”, “Turkish Airlines” kabi yirik kompaniyalar ham Yaqin Sharq yo‘nalishlarini bekor qilgan. Iroq ustidan o‘tgan Osiyo – Yevropa “havo magistrali” deyarli bo‘shab qoldi. Odatiy uzluksiz oqim o‘rnida osmon xaritasida cheksiz bo‘shliq yuzaga keldi.
Yo‘lovchilar uchun eng muhim savol – badal. Favqulodda vaziyat sabab aviakompaniyalar qo‘shimcha tovon to‘lashga majbur emas, ammo Britaniya yoki YeI aviakompaniyalari orqali parvoz qilayotganlar kechikish davomida oziq-ovqat, mehmonxona va to‘liq qaytim huquqiga ega. Agar inqiroz cho‘zilsa, aylanma yo‘llar va yonilg‘i xarajati chipta narxiga bosimni kuchaytirishi mumkin.
Musulmon Ziyo, O‘zA