Yaqin Sharqdagi mojaro kuchayishi ortidan Janubiy Koreya moliya bozorida jiddiy beqarorlik kuzatildi. Ayni damda Seul fond birjasidagi asosiy indeks — KOSPI 12 foizdan ortiq “quladi” va 5093,54 punktga tushdi.
Bu bir kun oldingi savdolarda qayd etilgan 7 foizdan ortiq pasayishdan keyingi yana bir katta yo‘qotish bo‘ldi, deb yozmoqda “Yonhap” nashri.
Bozordagi keskin tushish geosiyosiy xavotirlar bilan bog‘liq bo‘lib, investorlar Yaqin Sharqdagi ziddiyat jahon iqtisodiyotiga salbiy ta’sir ko‘rsatishidan xavotir bildirmoqda. Indeks 8 foizdan ko‘proq pasaygach, Koreya birjasi savdolarni vaqtincha to‘xtatish mexanizmi — himoya chorasini ishga tushirdi.

Savdolarda asosan institutsional investorlar aksiyalarni ommaviy sotdi. Ular umumiy hisobda 579,4 milliard vonlik aksiyalarni sotuvga chiqardi. Shu bilan birga, xorijiy sarmoyadorlar va mahalliy jismoniy shaxslar mos ravishda 228,7 milliard vonlik aksiyalarni xarid qilgan.
O‘lka valyuta bozorida ham bosim kuchaydi. Koreya voni AQSH dollariga nisbatan keskin qadrsizlanib, bir dollar 1476,20 vonga tenglashdi. Bu ko‘rsatkich avvalgi savdo sessiyasiga nisbatan 10 vondan ortiq pasayishni anglatadi.
Musulmon Ziyo, O‘zA