Isroil – Eron mojarosi ortidan mintaqa havo hududi, jumladan Yaqin Sharq bo‘ylab aeroportlar yopildi. O‘nlab reyslar bekor qilindi yoki amaliyot sezilarli darajada qisqartirildi. Natijada o‘n minglab yo‘lovchi sarson, ko‘pchilik ziddiyat hududini tark eta olmayapti, uyiga qaytolmayapti.
– Parvoz uzilishi ulkan kutilmagan xarajatlarga olib keladi, – deydi iste’fodagi uchuvchi, havo xavfsizligi bo‘yicha mutaxassis Jon Koks. – To‘satdan minglab yo‘lovchi, ekipaj, samolyotlar prejasi o‘zgarib ketadi.
Livan va Iordaniyada havo hududi qisman ochiq bo‘lsa-da, aeroportlarda tartibsizlik kuchaydi, aksar yo‘lovchilar yozgi sayohat mavsumida kechiktirilgan yoki to‘xtatilgan reys tufayli uyida yoki chet elda qolib ketgan. Ko‘pgina aviakompaniyalar reyslarni kamaytirdi. Hukumatlar harbiy harakatlar ortidan bir kechada aeroportlarni yopdi. Masalan, Suriya yangi rahbariyat boshchiligida vayronaga aylangan aeroportlarini endigina ta’mirlayotgan, mojaro boshlanganda diplomatik aloqalarni tiklay boshlagan edi. Iroqdagi barcha aeroportlar Eronga yaqinligi sababli yopildi. Xabarlarga ko‘ra, Isroil Eronga zarba berish uchun Iroq havo hududining bir qismidan foydalangan, Eronning uchuvchisiz uchoqlari va qarama-qarshi yo‘nalishda uchayotgan raketalari Iroq uzra urib tushirilgan.
M.Pirmatova, O‘zA