Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yaqin qo‘shnichilik, o‘zaro ishonchga asoslangan hamkorlik O‘zbekiston - Qirg‘iziston munosabatiga doir
22:09 / 2022-11-18

Markaziy Osiyo davlatlari jug‘rofiy xaritasiga qarasak, o‘tgan asrning 20-yillarida chegaralar chizilgan, bunda qandaydir g‘ayritabiiy geosiyosiy maqsadlar ko‘zlangandek tuyuladi. Bu ataylab qilinganmi yoki tasodifmi, noma’lum. Har holda, mintaqamizda chegara muammosi mavjud nuqtalar kam emas.

Zamonning o‘zi bugun taraqqiy etishni istagan, xalqi farovon, tinch-osoyishta yashashini xohlagan mintaqalar oldiga davrning dolzarb muammosi bo‘lgan — chegaralar masalasini tinchlik yo‘li bilan hal etilish zaruriyatini ko‘ngdalang qo‘ymoqda. 

Bugun butun dunyo jamoatchiligi, O‘zbekistonning qo‘shni mamlakatlar bilan o‘zaro tenglik manfaati asosida necha yillar davomida yechilmay kelinayotgan bu muammoni hal etayotganini “alohida e’tirofga sazovor voqea”, deya baholamoqda.

Joriy yilning 14 noyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasida O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov «O‘zbekiston Respublikasi bilan Qirg‘iziston Respublikasi o‘rtasida o‘zbek-qirg‘iz davlat chegarasining alohida uchastkalari to‘g‘risidagi Shartnomani ratifikatsiya qilish haqida»gi hamda «O‘zbekiston Respublikasi hukumati bilan Qirg‘iziston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi o‘rtasida Andijon (Kampirobod) suv omborining suv resurslarini birgalikda boshqarish to‘g‘risidagi Bitimni ratifikatsiya qilish haqida»gi qonun loyihalari yuzasidan axborot berdi.

O‘tgan yil mart oyida Prezident Sadir Japarovning mamlakatimizga davlat tashrifi chog‘ida O‘zbekiston bilan Qirg‘iziston o‘rtasida yechimi yo‘q masala, deyarli, qolmagani ta’kidlangani holda energetika, qishloq va suv xo‘jaligi sohalarida ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirish dasturlarini amalga oshirish dolzarb masalalar qatorida qayd etib o‘tilgan edi.

O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripovning ma’lum qilishicha, qo‘shni Qirg‘iziston bilan kelishilmay qolgan 35 uchastka – jami 302 km chegaralar bo‘yicha yakuniy kelishuvga erishilgan. Bitim ustida 5 yildan oshiq vaqt davomida ishlanib, yakuniy to‘xtamga kelingan.

Unga ko‘ra, quyidagicha yerlar almashinuvi taklif qilinmoqda:

– Qirg‘iziston hududidagi Andijon suv omborining hududi 4 ming 957 gektarni tashkil qiladi. O‘zbekiston suv ombori o‘rniga Andijon viloyati Qo‘rg‘ontepa tumani Oshaxo‘r uchastkasidan 1 ming 19 gektar yaylov yer maydoni berishni taklif etmoqda;

Shuningdek, suv ombor va to‘g‘onga xizmat ko‘rsatish uchun yana 19 gektar maydon Qirg‘iziston hududidan O‘zbekistonga o‘tkazilyapti. Suv omboridan qirg‘izistonliklar ham ayrim maqsadlarda foydalanishiga ruxsat beriladi.

Darhaqiqat, ko‘p tomonlama qirg‘iz-o‘zbek hamkorligi jadal faollashayotgan bir paytda natijada suv va energetika sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish masalasida olg‘a qarab ijobiy siljish ko‘zga tashlanadi. bugungi kunda ikki davlat o‘rtasida muayyan hamkorlik mexanizmi shakllandi, tomonlar ushbu mexanizmga asoslangan holda ham suvdan foydalanish, ham elektr quvvati ishlab chiqarishda bir-biriga yordam berishga tayyor ekani bildirildi.

Mutaxassislar O‘zbekistonning Qambarota GES-1 tizimi qurilishida ishtirok etishi Markaziy Osiyodagi suv va energetika muammosini hal etish yo‘lida qabul qilingan ilk samarali qaror sifatida namuna bo‘lishi mumkin, deyishmoqda. Ayni loyiha “CASA-1000” loyihasiga ham ulkan hissa bo‘lib qo‘shiladi, Qirg‘iziston va O‘zbekistonga jiddiy iqtisodiy manfaat keltiradi. Mamlakatimiz ushbu loyiha uchun investitsiya kiritishga tayyorligi o‘zbek tomonining suvdan foydalanish bo‘yicha maqbul va o‘zaro manfaatli shartiga erishish yo‘lidagi ishonchini aks ettiradi. Bu transchegaraviy daryolarda yangi gidroenergetika ob’ektlari qurishga rozilik bermaslikday avvalgi munosabat, nuqtai nazardan keskin farq qiladi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Namanagan viloyati Kosonsoy va Chust tumanlari uchun asosiy sug‘orish manbasi bo‘lgan Kosonsoy suv ombori Qirg‘iziston hududidagi 850 gektar maydonda joylashgan. Suv ombori to‘liq O‘zbekiston ehtiyojlari uchun ishlatilib kelinadi. Shu sababli Qirg‘izistonga Namangan viloyati hududidan 477 gektar yer maydoni kompensatsiya sifatida ajratish taklif qilinmoqda. Bundan, Chust tumanidan ajratishi taklif qilingan 105 gektar yer maydoni Qirg‘iziston fuqarolari istiqomat qilib kelgan, bahsli Qoraqo‘rg‘on massivi hisoblanadi.

Bosh vazir axborotiga ko‘ra, Demarkatsiya jarayonida tartibga solinishi talab etilayotgan 10 ta uchastka bo‘yicha Qirg‘iziston tarafidan O‘zbekistonga 429 gektar yer maydoni olinmoqda. Buning o‘rniga O‘zbekiston vodiy viloyatlari hududidan 294 gektar maydonni berish bo‘yicha kelishuvga erishgan.

Davlatlarimiz yetakchilarining yuqorida eslatib o‘tilgan uchrashuvida 750 million kVt/s elektr quvvatini o‘zaro bir-biriga yetkazib berish bo‘yicha yangi bitimga erishildi. Bu bir tarafdan To‘qtog‘ul suv omborini to‘ldirish 2021-2023 yillardagi vegetatsiya davrida O‘zbekiston ekinlarini sug‘orish uchun suv bilan ta’minlash imkonini beradi. Boshqa tarafdan Qirg‘izistonga elektr quvvati yetkazib berilishi kafolatlanadi.

Markaziy Osiyoda tinchlik, barqarorlik, osoyishtalikning saqlanishi barcha mamlakatlar siyosatida ustuvor vazifa sifatida qaraladi. 

 Bosh vazir Abdulla Aripov o‘zaro kelishuv imzolanishi natijasida chegara masalasida bahsli nizolar to‘liq o‘z yechimini topishini, shuningdek, chegaralar daxlsizligi ta’minlanib, chegara hududlarda qonli to‘qnashuvlar kelib chiqishining oldi olinishini ta’kidladi.

 Darvoqe, Qirg‘iziston bilan O‘zbekiston tarixiy, taqdir ila qo‘shni bo‘lgan mamlakatlar ekani bir-birimiz uchun qanchalar yaqin, qadrli, muhimligimizni anglatadi. Tomonlarning hech biri tanglik, vaziyat keskinlashuvi, chegaralardagi betartiblik bilan bog‘liq muammolarga, etnik to‘qnashuv yoki transchegaraviy daryolar suvidan foydalanishdan kelib chiqadigan mojarolarga qaytishni istamaydi.

Asosiysi, yer, suv, chegara masalasini siyosiylashtirmaslikda. Ushbu sohada hamkorlikning ikkala tomon uchun ham mos keladigan ilmiy, ekologik va iqtisodiy mexanizmini qidirib topish zarur, deya ta’kidlanmoqda.

 Sadir Japarovning respublikamizga tashrifi chog‘ida ham ushbu dolzarb ahamiyatga ega mavzu kun tartibidagi asosiy masalalardan biri bo‘ldi. Quvonarli jihati, tomonlar o‘zaro manfaatni hamda ikki mamlakat xalqlari xohish-irodasidan kelib chiqib, chegaralar bo‘yicha mavjud muammolarni qisqa vaqt ichida hal qilishga kelishib oldilar. Xususan, chegarani delimitatsiya qilish bo‘yicha shartnoma loyihasi tez orada ikki davlat rahbarlari tomonidan imzolanishi uchun tayyorlanishi,chegara masalasi muhokamasi joriy yil oxirigacha yakunlanishi kutilayotgani bildirilgan edi. 

 2022 yil 3 noyabr kuni Bishkek shahrida O‘zbekiston va Qirg‘iziston siyosiy maslahatlashuvining navbatdagi davrasi bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishda mamlakatimiz TIV rahbari Vladimir Norov qirg‘izistonlik hamkasbi Jeenbek Kulubayev bilan, jumladan, Davlat chegaralari bilan bog‘liq shartnoma hamda Andijon (Kampir-Obod) suv ombori bo‘yicha bitimni ham imzoladi.

Umuman, O‘zbekiston delegatsiyasining Bishkekga tashrifi doirasida chegaralarni aniqlashtirish va suv manbalaridan oqilona va samarali foydalanishni muvofiqlashtiruvchi quyidagi bir necha hujjat imzolandi:

 O‘zbekiston — Qirg‘iziston Davlat chegarasining ayrim uchastkalari to‘g‘risidagi shartnoma;

Andijon (Kampir-Obod) suv omborining suv resurslarini birgalikda boshqarish to‘g‘risidagi bitim;

O‘zbekiston Suv xo‘jaligi vazirligi va Qirg‘iziston Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Suv resurslari xizmati o‘rtasida suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risida bitim.

Chegaradagi bahsli qismlar bo‘yicha bir to‘xtamga kelish chegara yaqinida savdo-sotiqni rag‘batlantiradi, yangi infratuzilma loyihalari qurilishini tezlashtiradi, yangi ish o‘rinlari yaratilishiga ko‘maklashadi. Shu tariqa chegara bo‘yidagi hududlar aholisi farovonligi oshishi shubhasiz.

Bir so‘z bilan aytganda, davlatlararo chegaralar aniqlashtirilishi har ikki tomon taraqqiyotga xizmat qiladi, xalqlar, chegara yaqinida istiqomat qilayotgan oddiy kishilar o‘rtasida turli nizolar kelib chiqishining oldini oladi.

Bosh vazir axborotiga ko‘ra, bitimni ikki tomonlama ratifikatsiya jarayonlari yakunlangach, har bir kelishilgan hudud bo‘yicha alohida ishlar olib borilishini ma’lum qildi.

Shu ma’noda O‘zbekiston va Qirg‘iziston rahbarlari, hukumati tomonidan bu borada amalga oshirilayotgan ezgu sa’y-harakatlar tez orada o‘zining ijobiy samaralarini berishi tayin.



Irismat Abduxoliqov, 

O‘zA siyosiy sharhlovchisi