Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yaqin kelajakda 3D bioprinting texnologiyasi bilan inson tana aʼzolarini yaratish ommalashishi mumkin
18:17 / 2019-10-24

Zamonaviy tibbiyotda tirik toʻqimalarni sunʼiy ravishda ishlab chiqarish haqiqatga aylanmoqda.


Zamonaviy tibbiyotda tirik toʻqimalarni sunʼiy ravishda ishlab chiqarish haqiqatga aylanmoqda. Ushbu soha boʻyicha dunyoning yetakchi mutaxassislaridan biri, Gannover universiteti professori Boris Chichkov RIA Novostiga lazerli bioprinting sohasidagi yangiliklar haqida soʻzlab berdi.

Boris Chichkovning taʼrificha, lazerli 3D bioprinting zamonaviy regenerativ tibbiyot yoʻnalishi boʻlib, uning prinsipi juda oddiy: hujayra materiali lazerning kichik zarba toʻlqini yordamida obyektga qavatma-qavat uzatiladi. Zamonaviy lazerlar sekundiga million pulsni “yaratishga” qodir, bu uning juda juda tezkor texnologiya ekanligini anglatadi.

Olim ushbu texnologiya qanday muammolarni hal qilishi mumkinligiga toʻxtalgan.“Eng muhimi, bu inson aʼzolarini oʻstirishga va ularni transplantatsiya qilish xavfini kamaytirishga imkon beradi. Agar tendensiyalar shu surʼatda davom etsa, taxminan besh-oʻn yil ichida biz lazerli bioprinting texnologiyasi bilan yaratilgan tana aʼzolari haqida eshitamiz”, degan u.

Bugungi kungacha lazerli bioprinting sohasida qanday natijalarga erishilgan?

Olim mazkur savolga javoban, endilikda teri, yurak, buyrak, jigar uchun turli xil toʻqimalarni bosib chiqarish mumkinligini aytgan. Uning qoʻshimcha qilishicha, jahonda ayni yoʻnalishda tadqiqot olib borayotgan koʻplab ilmiy markazlar mavjud. “Zamonaviy tibbiyotning barcha vazifalarini shifokorlarning oʻzi hal qila olmaydi, shuning uchun biologlar, fiziklar, kimyogarlar, muhandislar birgalikda ishlashlari kerak, bu muvaffaqiyat siridir”, degan Boris Chichkov.

Olimning aniqlik kiritishicha, bioprinter orqali tana aʼzolarini bosib chiqarishda hujayra materiallaridan foydalaniladi. Bu hujayralar tirik boʻlishi va irsiy kodga ega boʻlishi lozim.

Tananing har qanday murakkablikdagi aʼzosini bioprinting yordamida yaratish mumkinmi, degan savolga olim “hozircha yoʻq”, deb javob bergan. Uning izohlashicha, bu ishni amalga oshirish uchun sohadagi baʼzi bir muammolarni hal qilish lozim. Avvalo chop etiladigan tana aʼzosida qon tomirlarning toʻgʻri tizimini yaratish kerak boʻladi. Hozircha buning imkoni yoʻq.

Boris Chichkovga koʻra, bioprinting texnologiyasi katta kelajakka ega va insoniyat hayotini oʻzgartirib yuboradi. “Tasavvur qiling, siz borib oʻzingiz uchun ehtiyot qismlarni xuddi mashinangiz uchun olganday xarid qilishingiz mumkin. Avvaliga bu juda qimmatga tushadi, ammo vaqt oʻtishi bilan vaziyat oʻzgaradi. Bundan tashqari, texnologiya mutlaqo xavfsizdir”, degan olim.