Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yaqin do‘st, yaxshi qo‘shni va qadriyatlari hamohang ikki xalq
14:31 / 2024-07-19

Azal-azaldan O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasida yaqin birodarlik aloqalarini rivojlantirishda o‘zaro hamohang madaniy-ma’naviy qadriyatlar, an’analar mavjud. Ko‘p asrlik rishtalarga tayangan o‘zaro hurmat muhiti bugun yanada kengayib, do‘stligimiz sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. Ayni paytdagi oliy va yuqori darajali doimiy siyosiy muloqot, aslida, biz uchun tarixan xos jihat.

Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarovning yurtimizga davlat tashrifi davom etayotgan bir pallada O‘zA muxbiri xalqlarimiz o‘rtasidagi birodarlik va parlamentlararo aloqalar xususida ikki mamlakat deputati fikrini yozib oldi.

Ulan PRIMOV, Qirg‘iz Respublikasi Jo‘qorg‘u Keneshi Xalqaro ishlar, mudofaa, xavfsizlik va migratsiya qo‘mitasi raisi:

Qirg‘iziston va O‘zbekiston azaldan yaqin do‘st, yaxshi qo‘shni va ishonchli hamkor. Xalqlarimizni tarixiy rishtalar, mushtarak til, din, urf-odat va qadriyatlar o‘xshashligi chambarchas bog‘lab turadi. So‘nggi yillarda qardosh o‘lkalarimiz munosabati sezilarli o‘zgarishlarga yo‘l ochib, tizimli va intensiv tus oldi. 2017 yil Strategik sheriklik, do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va ishonchni mustahkamlash to‘g‘risidagi deklaratsiya qabul qilinishi o‘sishning yangi yo‘nalishlarini belgilab, amaliy hamkorlikni yanada kengaytirish, xalqlarimizni jipslashtirishga xizmat qildi.

Ayniqsa, so‘nggi yillarda Qirg‘iziston – O‘zbekiston davlat chegarasining ayrim uchastkalari bo‘yicha kelishuv imzolangani tarixiy voqea bo‘ldi. Delimitatsiya masalasi to‘liq hal etilishi transchegaraviy almashinuvni kengaytirish, barqarorlik va xavfsizlikni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etdi.

E’tirof etish joiz, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida siyosiy muloqot va iqtisodiy aloqani mustahkamlash yo‘lida muhim qadamlar qo‘yilmoqda. Oliy darajadagi uchrashuvlar davom etishi va muhim kelishuvlar imzolanishi asnosida do‘stona munosabatni barqaror rivojlantirish va mustahkamlash yanada muhim.

Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston temir yo‘li qurilishi faol hamkorlik, iqtisodiy o‘sish va mintaqaviy integratsiya uchun yangi ufqlar ochishi shubhasiz. Ushbu loyiha savdo va sarmoya uchun yangi imkoniyatlar yaratadi, logistika va transport tizimiini takomillashtiradi, iqtisodiy aloqani mustahkamlaydi.

Ikki do‘st o‘lka o‘rtasida madaniy-ma’rifiy aloqalar ham faol rivojlanmoqda. Talabalar va ilmiy xodimlar uchun almashinuv dasturlarida 2023 yil 500 dan ortiq talaba va o‘qituvchi faol ishtirok etdi.

Festival, ko‘rgazma va konsertlar shaklida qo‘shma madaniy anjumanlar uyushtirilmoqda. O‘tgan yil ikki davlatda 30 dan ortiq qo‘shma tadbir bo‘lib o‘tgan. Shuningdek, talaba va tadqiqotchilar almashinuvi, hamkorlikdagi madaniy tadbirlar dasturlarini ishlab chiqish, tashkil etish va o‘tkazish orqali xalqlarimiz hamjihatligi kuchaymoqda.

Yana bir muhim jihat: suv resurslari, jumladan Kampirobod suv omborini birgalikda boshqarish qishloq xo‘jaligini barqaror rivojlantirishga yordam beradi. Ma’lumki, bu ob’ekt har ikki davlat sug‘orish va suv ta’minotida muhim o‘rin egallaydi. Birgalikdagi sa’y-harakat sug‘orish tizimini takomillashtirish va suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirishga qaratilgan. Suv omborlari infratuzilmasini modernizatsiya qilish, sohaga zamonaviy texnologiyani joriy etish bo‘yicha loyihalar amalga oshirilmoqda. Bu qishloq xo‘jaligida hosildorlikni oshirish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashga xizmat qiladi.

Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, Qirg‘iz Respublikasi va O‘zbekiston har ikki xalq manfaati yo‘lida do‘stona munosabatni mustahkamlab, hamkorlikni kengaytirishda davom etayotir. O‘zaro hurmat va yuksak ishonchga asoslangan aloqalar yanada rivojlanishi mintaqada umumiy farovonlik va barqarorlikni ta’minlashi shubhasiz.

Qodir JO‘RAEV, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qo‘mitasi raisi o‘rinbosari:

Yon qo‘shnimiz Qirg‘iziston Markaziy Osiyodagi eng muhim hamkorlarimizdan biri. Ikki mamlakat o‘rtasida diplomatik aloqa o‘rnatilgan 1993 yildan beri o‘zaro munosabatlarni tartibga soluvchi ko‘plab hujjatlar qabul qilingan.

Tan olish kerak, Prezident Shavkat Mirziyoyevning qat’iy siyosiy irodasi tufayli ushbu qardosh davlat bilan munosabatda o‘tmishning muayyan qoliplaridan voz kechilib, ko‘pdan buyon yig‘ilib qolgan muammolar to‘liq bartaraf etildi. Bu boradagi samarali yechimlar sabab bugun davlatlarimiz o‘rtasida hech qanday siyosiy muammo qolmadi.

O‘z navbatida, Prezident Sadir Japarov “Qirg‘iziston uchun O‘zbekiston juda yaqin qo‘shni, sodiq do‘st va ishonchli strategik hamkor”, deya ta’kidladi.

Eng muhimi, o‘zaro munosabatdagi ijobiy o‘sish sur’atini barcha jabhalarda kuzatish mumkin. Masalan, 2016-2023 yillar mobaynida mahsulot ayirboshlash salkam 7 barobar o‘sib, 167,5 million dollardan qariyb 1 milliard dollarga ko‘tarildi. Joriy yil boshidan buyon esa bu raqam 21 foiz oshib, salkam 400 million dollarga yetdi.

Yaqin istiqbolda mamlakatlar o‘zaro tovar aylanmasi miqdorini 2 milliard dollarga yetkazishni rejalashtirmoqda. Ushbu marraga erishish uchun salohiyat va imkoniyat mavjud. Eng muhimi, hamkorlikka intilish har ikki tomonda ham yaqqol namoyon.

Chegara oldi viloyatlari hokimlari kengashi tashkil qilingan bo‘lib, shu paytga qadar tuzilma 4 marta yig‘ilish o‘tkazdi. Mamlakatimizda Qirg‘iziston kapitali ishtirokida 280 ga yaqin korxona faoliyat yuritmoqda. Qo‘shni davlat hududida O‘zbekiston rezidentlari ishtirokida 70 korxona ish olib bormoqda.

Madaniy-gumanitar sohadagi hamkorlik doirasida qardosh, qondosh o‘zbek va qirg‘iz xalqlarini bir-biriga yanada yaqinlashtiruvchi qator tadbirlar o‘tkazib kelinmoqda.

O‘tgan yil O‘sh shahridagi Bobur nomli Davlat akademik o‘zbek musiqali drama teatri O‘zbekiston ko‘magi bilan to‘liq rekonstruksiya qilindi. Yurtimizda buyuk yozuvchi Chingiz Aytmatov tavalludining 95 yilligiga bag‘ishlangan “Ikki xalqning suyukli o‘g‘loni” kitobi taqdimoti hamda qo‘shma konsert dasturi zo‘r ko‘tarinkilikda o‘tdi.

Qayd etish joiz, ikki mamlakatning ko‘p qirrali hamkorligida parlamentlararo aloqalar muhim o‘rin tutadi. Prezidentimizning 2017 yil Qirg‘izistonga amalga oshirgan davlat tashrifi davomida Oliy Majlis va Jo‘qorg‘u Kenesh o‘rtasida memorandum imzolangan edi. Hozir parlamentlararo aloqa mazkur hujjat asosida izchil rivojlanmoqda.

Ayniqsa, mintaqaviy va xalqaro tuzilmalar – Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Jahon savdo tashkiloti, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Turkiy davlatlar tashkiloti doirasida muloqot tobora chuqurlashmoqda. Shuningdek, mintaqamiz davlatlari rahbarlari Maslahat uchrashuvi va “Markaziy Osiyo plyus” formatidagi sammitlar kun tartibi yangi taklif, tashabbuslar bilan amaliy boyimoqda.

Darhaqiqat, oliy darajadagi uchrashuvlar, ochiq va konstruktiv ruhdagi muloqotlar yaxshi qo‘shnichilik, o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirish yo‘lidagi mushtarak irodani namoyon etadi, munosabatlarni yangi mazmun-mohiyat bilan to‘ldiradi.

Bir so‘z bilan aytganda, biz – xalq vakillari, O‘zbekiston va Qirg‘iziston birgalikda izchil taraqqiyot sari odimlayotganidan behad mamnunmiz.

O‘tkir ALIMOV yozib oldi.

O‘zA