Faoliyati davomida bir qancha nufuzli kompaniyalar rahbari bo‘lgan Tomihiko Sato ayni paytda keksalik nafaqasida bo‘lishiga qaramay, Tokio qishloq xo‘jaligi va texnologiya universiteti tadqiqotchisidir.
Iqtisodiyot yo‘nalishida ko‘p yillik tajribaga ega olim hamon yoshlarga xos shijoat bilan universitetda ilm olmoqda. U "O‘zbekiston iqtisodiy rivojlanishida qishloq xo‘jaligining o‘rni" mavzusidagi ilmiy dissertatsiyasi uchun ma’lumotlar to‘plab, kambag‘allikni qisqartirish borasida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarni o‘rganmoqda.
Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Muxtor Shonazarov yaponiyalik olim Tomihiko Sato bilan uchrashdi.
Suhbat chog‘ida Tokio qishloq xo‘jaligi va texnologiya universiteti tadqiqotchisi T.Sato Samarqand, Xiva, Qoraqalpog‘iston hududlaridagi qishloq xo‘jaligi, tadbirkorlik va logistika sohalari bilan tanishib, fermer va tadbirkorlarga o‘z tajribalarini ulashish istagida ekanligini bildirdi, deyiladi Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi ma’lumotida.
A.RUSTAMOV, O‘zA