Sirdaryo viloyatining Guliston tumanida qishloq xo‘jaligi sohasida xalqaro investitsiyaviy hamkorlikning yangi bosqichi boshlanmoqda. Tumanning “Mevazor” mahallasida joylashgan “Otabek Odiljon Biznes” MCHJga tegishli yer maydonlari yaponiyalik investorlar — “Aglees Co., Ltd.” kompaniyasi vakillari tomonidan o‘rganib chiqildi.
Tashrif davomida kompaniya direktori Ryosuke Hara mazkur hududning iqlim va tuproq sharoiti kivi yetishtirish uchun juda qulay ekanini alohida ta’kidladi. Uning fikricha, bu yerda yirik agrosanoat majmuasi tashkil etish orqali eksportbop mahsulot ishlab chiqarish imkoniyati mavjud. Tomonlar o‘zaro hamkorlikning dastlabki bosqichi sifatida kelishuvga erishdilar.

Ma’lumotlarga ko‘ra, yaponiyalik tadbirkorlar loyiha doirasida 10 million AQSH dollari miqdorida investitsiya kiritishni rejalashtirmoqda. Ushbu investitsiyaviy loyiha kivi plantatsiyasini barpo etish, hosilni qayta ishlash va qadoqlash, xorijiy bozorlarga eksport qilish kabi yo‘nalishlarni qamrab oladi.
Loyiha doirasida qishloq xo‘jaligi sohasini raqamlashtirish va zamonaviy texnologiyalarni joriy etish ham nazarda tutilgan. Bu esa hududdagi agrosanoat salohiyatini oshirish, yangi ish o‘rinlari yaratish va aholi bandligini ta’minlashga xizmat qiladi.

Shu bilan birga, mazkur tashabbus O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarni yanada mustahkamlab, ikki mamlakat o‘rtasidagi uzoq muddatli strategik sheriklikka mustahkam poydevor yaratadi.
Bunday tashabbuslar qishloq xo‘jaligini diversifikatsiya qilish, eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish va mahalliy ishlab chiqaruvchilarni xalqaro bozorlarga olib chiqishda muhim ahamiyat kasb etadi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri