French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yaponiyalik olimlar ko‘hna Buxoroda
15:40 / 2024-01-10

Yaponiyaning Yamagata universiteti professori Tadashi Onodera, universitet tadqiqot markazi kordinatori Yuichi Saito hamda texnik direktor Shinji Omatalar boshchiligidagi delegatsiya a’zolarini Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov qabul qildi.

Viloyat rahbari mehmonlarni Buxoroga tashrifi bilan qutlab, ko‘hna va boqiy Buxoroning qadimiy va boy tarixi, madaniy qadriyatlari, shuningdek, mamlakatimizda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar  va ularning samaralari to‘g‘risida atroflicha ma’lumot berdi. So‘nggi yillarda mamlakatimizda yoshlarga oid davlat siyosati yangi bosqichga ko‘tarilgani, ularning intellektual salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun yaratilgan shart-sharoitlar, iqtidorli yoshlarning eng yaxshi g‘oya, startap va loyihalarini qo‘llab-quvvatlash, IT sohasidagi yutuqlarni rag‘batlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlarga ham to‘xtaldi.

O‘z navbatida Yamagata universiteti professori Tadashi Onodera do‘stona qabul uchun o‘z minnatdorligini bildirdi. Ikki tomonlama hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash, ayniqsa, ta’lim va ilm-fanni rivojlantirishda innovatsiyalarni keng joriy qilish yuzasidan qator takliflarni ilgari surdi. Uning ta’kidlashicha, aholisining aksariyatini yoshlar tashkil etadigan O‘zbekiston bilan hamkorlik muhim ahamiyatga ega. Ushbu anjuman akademik almashinuv, universitetlararo aloqalarni kengaytirishda yangi imkoniyatlar eshigini ochadi.

Muloqotda akademik va ilmiy hamkorlik, talabalar almashinuvi, professor-o‘qituvchilar malakasini oshirish yo‘lidagi o‘zaro muloqotni mustahkamlash, Yaponiyaning yetakchi innovatsion markazlari, texnoparklari, universitetlari bilan aloqalarni yanada jadallashtirish masalalari muhokama qilindi.

Yaponiyalik mehmonlar Buxoro tumanida ham bo‘ldi. Dastlab mehmonlar So‘fikorgar mahallasida O‘zbekiston – Turkiya hamkorligidagi tashkil etilgan “Bukhara-Varnet” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga bordi.

Bu yerda gidroponika usulida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirilyapti. Birgina o‘tgan yilning o‘zida korxona tomonidan qariyb ikki million AQSH dollari miqdoridagi mahsulot xorijga eksport qilindi. 2018 yilda o‘z faoliyatini boshlagan va bugungi kunga kelib 40 gektar maydonda issiqxona barpo etgan “Bukhara-Varnet" dagi innovatsion yondashuvlar e’tiborni tortmay qolmaydi. Avval bu yerda faqat issiqxona bo‘lgan bo‘lsa, endilikda uning yonida o‘quv markazi, laboratoriya hamda issiqxonalar uchun konstruksiyalar ishlab chiqaruvchi korxona tashkil etilmoqda.

Shundan so‘ng Yaponiya delegatsiyaci vakillari “Rabotiqalmoq” mahalla fuqarolar yig‘inini borib ko‘rdi.

Mehmonlarga mahallalarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi bilan manzilli ishlash, hududlar muammolarini hal etishda “mahalla beshligi”ning o‘rni, mahalla raisi, hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi, xotin-qizlar faoli hamda profilaktika inspektori faoliyatini birgalikda tashkil etishdan ko‘zlangan ijobiy natijalar “Rabotiqalmoq” mahalla fuqarolar yig‘ini misolida tushuntirib berildi. Prezidentimiz tashabbusi bilan endilikda mahalla boshqaruvi yangi yondashuvlar asosida tashkil qilinishi, amaldagi “beshlik”ka soliqchi va ijtimoiy xodim ham qo‘shilib, birgalikda ishlaydigan “mahalla yettiligi” tashkil etilishi hamda uning afzalliklari to‘g‘risida ma’lumotlar berildi.

Tashrif davomida mehmonlar mahallada tashkil etilgan “Yangi hayot uchun, Yangi O‘zbekiston uchun” shiori ostida “Mahallada duv-duv gap!” ma’naviy-ma’rifiy va madaniy - musiqiy tadbirida qatnashdi.

 

Zarif Komilov,  

O‘zA muxbiri