Yaponiya Moliya vazirligining siyosiy tadqiqotlar instituti vitse-prezidenti Minoru Nakamura O‘zbekiston Respublikasi Bank-moliya akademiyasining birinchi prorektori sifatida faoliyat boshladi.
Shu munosabat bilan Bank-moliya akademiyasi rahbariyati va Yaponiya Moliya vazirligining siyosiy tadqiqotlar instituti vakillari ishtirokida onlayn muloqot bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv avvalida Bank-moliya akademiyasi rektori Elmurod Hoshimov janob Minoru Nakamurani jamoaga tanishtirdi va hamkorlikda olib boriladigan faoliyat muvaffaqiyatli bo‘lishiga ishonch bildirdi.
Onlayn suhbat jarayonida iqtisodiyot sohasida boshqaruv kadrlari va mutaxassislarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hamda bu jarayonda xalqaro va xorijiy moliya institutlari, xalqaro va xorijiy ta’lim, ilmiy-tadqiqot tashkilotlari va dasturlar bilan hamkorlik olib borishga doir masalalar muhokama qilindi.
Boshqaruv qarorlarini qabul qilish nazariyasi va amaliyotiga asoslangan tegishli bilimlar va amaliy ko‘nikmalarga ega bo‘lgan boshqaruv kadrlari va mutaxassislarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish bo‘yicha strategik maqsadlar bo‘yicha takliflar bildirildi.
Ma’lumot o‘rnida, akademiyaning 26 yillik tarixi davomida yaponiyalik olimlar prorektorlik lavozimida faoliyat yuritishi an’ana tusini olgan. Jumladan, Vaseda universiteti professori Toshixaru Kitamura (1996-2003), Yaponiya Moliya vazirligi Bojxona va tariflar byurosining xalqaro ishlar va tadqiqotlar bo‘limi direktori Kazuxiko Koguchi (2003-2005), Reysumenkan universiteti professori Shuzo Nakamura (2006-2008), Keyo universiteti professori Shigeo Kashivagi (2008-2015), Yaponiya yuk tashish temir yo‘llari kompaniyasining Auditorlik va kuzatuv kengashi a’zosi Kensuku Munenaga (2005-2022) Bank-moliya akademiyasining Birinchi prorektori lavozimida faoliyat yuritib kelgan.
Ularning har biri respublika bank-moliya sohasi uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlash, O‘zbekiston-Yaponiya hamkorligini rivojlantirishga katta hissa qo‘shgan va qo‘shib kelmoqda.
Xususan, institut ko‘magi bilan Yaponiyaning taniqli universitetlaridan 200 ga yaqin yetakchi ekspert va o‘qituvchilar, xalqaro moliya institutlari, vazirlik va idoralar rahbarlari ishtirokida Akademiya magistrlari, professor-o‘qituvchilari va ma’muriy-boshqaruv xodimlari uchun turli seminarlar o‘tkazildi.
Alohida qayd etib o‘tish kerakki, Akademiyaning birinchi prorektori tomonidan har yili Yaponiya Moliya vazirligi Siyosiy tadqiqotlar instituti Xalqaro tadqiqotlar va hamkorlik bo‘limi xodimlari ishtirokida Yaponiyada amaliyot o‘tash uchun tinglovchilar bilan suhbatlar o‘tkaziladi. Saralab olingan tinglovchilar Yaponiya Moliya vazirligida tashkil etiladigan Tokiodagi yozgi seminarlarda ishtirok etish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.
D. Mamatova, O‘zA