Mamlakatimiz taraqqiyotida ta’limning o‘rni alohida. Shuning uchun ham so‘ngi yillarda tizimni tubdan takomillashtirish, rivojlangan davlatlar bilan muntazam hamkorliklar o‘rnatish orqali sohani rivojlantirishga katta urg‘u berilmoqda.
“Kerak bo‘lsa, chet eldan malakali mutaxassislar olib kelish orqali maktabgacha va maktab ta’limi rivojini yangi bosqichga olib chiqamiz”, degan edi davlatimiz rahbari Murojaatnomada.
Mazkur tashabbusni amaliyotga tatbiq etish yo‘lida qadamlar qo‘yila boshlandi.

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) hamkorligida amalga oshirilayotgan loyiha doirasida yaponiyalik mutaxassislar – loyiha bosh maslahatchisi Kenji Ohara hamda loyiha koordinatori Kana Takahashi bilan Abdulla Avloniy nomidagi pedagogik mahorat milliy institutida uchrashuv o‘tkazildi.

Ta’lim sifatini oshirish, tadqiqotlar va baholash tizimini rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan uchrashuvda maktablar kesimida amaliy tadqiqotlar o‘tkazish, o‘qituvchilar va mutaxassislardan iborat ishchi guruhlar shakllantirish, ta’lim natijalarini baholash hamda dars jarayonini takomillashtirish bo‘yicha ilmiy asoslangan yondashuvlarni joriy etish yo‘nalishlari muhokama qilindi.
Toshkent shahri hamda Toshkent viloyatidagi pilot maktablar qamrab olinishi rejalashtirilgan mazkur uch yillik yirik loyiha O‘zbekiston ta’limining rivojlanish bosqichlaridan biri bo‘lishi maqsad qilingan.
Sherbek Islomov, O‘zA