Yurtimizda mahoratli sportchilarni saralash tizimini yangi bosqichga olib chiqish maqsadida xalqaro hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish, olimpiya sport turlari bo‘yicha iqtidorli yoshlarni tanlashda dunyoning ilg‘or tajribalarini joriy etish ustuvor vazifa etib belgilangan.
Xususan, dzyudo sport turini yanada rivojlantirish, mamlakatimiz bo‘ylab dzyudoni rivojlantirish strategiyasini izchil amalga oshirish borasida o‘tgan yillar davomida bir qator ishlar amalga oshirildi.
Davlatimiz rahbari tomonidan imzolangan “Dzyudo sport turini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan hududlarda zamonaviy dzyudo zallari bunyod etilib, ming-minglab yoshlar mashg‘ulotlar bilan qamrab olinmoqda.
O‘zbek dzyudosining yangi chempionlar avlodini tarbiyalash maqsadida O‘zbekiston dzyudo federatsiyasi taklifiga binoan yaponiyalik yosh va iqtidorli dzyudo mutaxassisi Junna Kikuchi Surxondaryo viloyatida ish boshladi.
Tokiodagi Kokusikan universiteti bitiruvchisi, 5 DAN qora belbog‘ sohibi, xalqaro litsenziyaga ega murabbiy, Butun Yaponiya dzyudo federatsiyasi mutaxassisi, faoliyati davomida Vengriya va Shveysariya davlatlaridagi sport klublarida ish olib borgan Junna Kikuchining Surxondaryo viloyatidagi dzyudo klublarida, sport maktablarida, alohida to‘garaklarda mahorat darslarini olib borishi nazarda tutilgan.
T.Ro‘ziyev, O‘zA