Tokiodagi mashhur “Kioi” san’at saroyida bo‘lib o‘tgan “Xalqaro kollaboratsiya” konsertida Glier nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan musiqa akademik litseyi direktori Alisher Jamoliddinov boshchiligidagi ijodiy jamoa ham ishtirok etdi.
Konsert dasturidan yapon, o‘zbek, koreys va malayziya xalqlarining noyob musiqa asarlari o‘rin oldi. Tomoshabinlar “Tanovar” va “Yo‘l bo‘lsin” milliy kuylarimiz, shuningdek, “Sharqona Fresko” o‘zbek-yapon qo‘shma musiqiy asari hamda bastakor Armug‘on Nizomidinxo‘jayeva tomonidan bastalangan “Ningni” asari ijrosidan bahramand bo‘lishdi.
Tadbir doirasida mahorat darsi ham tashkil etilib, unda ishtirokchilar chang, doira va g‘ijjak kabi o‘zbek milliy cholg‘u asboblari bilan tanishdilar.
– Konsert menda katta taassurot qoldirdi, - deydi tomoshabinlardan biri Tanaka Xiroshi. – Ayniqsa, mahorat darsida qizim bilan o‘zbek musiqa asboblarini chalib ko‘rdik. Bilasizmi, doiraning jarangdor ovozi kishini hayratga soladi. Men oilam bilan birga yurtingizga tashrif buyurib, o‘zbek milliy kuy-qo‘shiqlaridan yanada ko‘proq bahra olmoqchiman.
Mehmonlarni O‘zbekiston madaniyati va sayyohlik salohiyati bilan yaqindan tanishtirish maqsadida san’at saroyiga kiraverishda milliy hunarmandchilik burchagi ham tashkil etildi.
Aziza Alimova tayyorladi, O‘zA