Yaponiya sog‘liqni saqlash tizimi tarixida ilk bor iPS – induksiyalangan plyuripotent ildiz hujayrasi asosida yaratilgan dori vositasiga qisman ruxsat berildi. Kioto universiteti olimlari tomonidan ishlab chiqilgan bunday innovatsion yondashuv Parkinson kasalligini davolash jarayonida yangi imkoniyat sifatida baholanmoqda.
Markaziy asab tizimi bilan bog‘liq surunkali va sekin rivojlanuvchi Parkinson asosan harakat tuzilmasi buzilishi bilan namoyon bo‘ladi. Xastalik miyada dofamin ishlab chiqaruvchi neyron yetarli ishlamasligi yoki nobud bo‘lishi natijasida yuzaga keladi.
Harakatni muvofiqlashtirishda muhim ahamiyat kasb etadigan modda – dofamin tanqisligi qo‘l-oyoqda titroq, harakat sekinlashuvi, mushak qotishi, muvozanat yo‘qolishi alomatlarini keltirib chiqaradi. Bugungi kunga qadar qo‘llab kelingan Parkinsonni davolash usullari asosan belgilarni yengillashtirishga qaratilgan bo‘lib, kasallikni to‘liq bartaraf eta olmaydi.
Yangi uslubning mohiyati shundaki, sog‘lom asab hujayrasi laboratoriya sharoitida yetishtirilib, bemor miyasiga ko‘chirib o‘tkaziladi. Shu hujayralar shikastlangan neyronning vazifasini qisman zimmasiga olib, dofamin ishlab chiqarilishini tiklaydi. 2024-yil o‘tkazilgan klinik sinov bunday transplantatsiya bemorning harakat faoliyati va umumiy ahvolini sezilarli darajada yaxshilaganini ko‘rsatgan.
Bundan tashqari ishemik kardiomiopatiya – qon ta’minoti buzilishi oqibatida yurak mushagi zaiflashishi bilan bog‘liq kasallikni davolash uchun ham shu turdagi hujayra terapiyasiga ruxsat berildi. Demak, ildiz hujayra texnologiyasi nafaqat nevrologiya, balki kardiologiya sohasida ham yangi imkoniyatlar ochmoqda.
Loyiha rahbari, institut direktori Zyun Takaxasi ushbu amaliyotni tibbiyot sohasidagi ulkan yutuq sifatida baholadi. Uning ta’kidlashicha, kelgusida ayni usulni takomillashtirish va keng miqyosda joriy etish asosiy maqsadlardan biridir.
Tahlilchilar fikricha, agar klinik natija barqaror tasdiqlansa, iPS hujayra terapiyasi Parkinsonni davolashda yangi standartga aylanishi mumkin. Shu tariqa jahon tibbiyotida neyrodegenerativ xastaliklar bilan kurashishning yangi davri boshlanishi ham ehtimoldan xoli emas.
Fardona Yaxshiboyeva, O‘zA