Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yaponiyada o‘tkazilgan “Aqlli shaharlar” konferensiyasida yurtimiz ekologik loyihalari taqdim etildi
16:52 / 2024-10-24

Yaponiyaning Yokogama shahrida Osiyo shaharlarining zamonaviy muammolari va yashil kelajagiga bag‘ishlangan “Aqlli shaharlar bo‘yicha 13-Osiyo konferensiyasi” bo‘lib o‘tdi. Konferensiyaning asosiy mavzusi shahar hududlarini karbonsizlantirish bo‘yicha g‘oyalar va yechimlar bo‘ldi.

Toshkent shahar hokimligi axborot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, tadbirda Toshkent shahrining ekologik loyihalari taqdim etildi. Ishtirokchilarning e’tiborini tortgan asosiy loyihalardan biri o‘nta sensordan olingan ma’lumotlarni real vaqt rejimida qayta ishlash orqali havo ifloslanishini kuzatish bo‘ldi.     

Taqdim etilgan shahar xaritasida ifloslanish darajasi va havo sifati indeksi aks ettirilishi hamda so‘nggi 12 soat ichidagi o‘zgarishlarni kuzatish imkoniyati mavjud.   

Kosmik tasvirlar va infraqizil diapazondagi ayerofotosuratlarni qayta ishlashga asoslangan NDVI (o‘simliklar indeksi) va SIPI (barglar sog‘lomligi indeksi) ma’lumotlarini shahar xaritasida aks ettirish loyihasi ham yuqori baholandi. Mutaxassislar ushbu ma’lumotlarni shahar xaritasiga bog‘lash orqali yashil hududlar holatining batafsil manzarasini olish imkoniyatini yaratdi.   

Shuningdek, “Qulaylik indeksi”ga ham ahamiyat qaratildi. Bu shaharning ko‘kalamzorlashtirilishi kabi ko‘plab omillarni hisobga oluvchi murakkab ko‘rsatkichdir. Ushbu indeksli issiqlik xaritasi shahar hokimiyatiga shaharni rivojlantirish bo‘yicha yanada asosli qarorlar qabul qilishda yordam beradi.   

Gulnoza Boboyeva, O‘zA