Ayni kunlarda Namangan viloyati hokimi, Oliy Majlis Senati a’zosi Shavkat Abdurazzoqov boshchiligidagi rasmiy va ishbilarmon doira vakillaridan iborat delegatsiya Yaponiya davlatida bo‘lib turibdi.
Kunchiqar o‘lkaga tashrif avvalida viloyat delegatsiyasi rahbari O‘zbekistonning Yaponiyadagi elchixonasida “Onodera User Run” kompaniyasining Markaziy Osië bilan ishlash bo‘yicha direktori Daiki Kimura bilan uchrashdi.
Ushbu yirik yapon kompaniyasi xorijliklarni yapon tili, kasbiy malaka bo‘yicha tayyorlab, Yaponiyadagi korxonalarga joylashtirish bilan shug‘ullanadi. Muloqotda erishilgan kelishuvga ko‘ra, tez orada Namangan shahrida ëshlar uchun yapon tilini o‘qitish markazi ochiladigan bo‘ldi.

Shuningdek, Shavkat Abdurazzoqov Yokogama shahrida tibbiyot, yo‘l-transport hamda “Aqlli shahar” yo‘nalishlarida raqamlashtirish bo‘yicha faoliyat olib boradigan yirik kompaniyalar rahbarlari bilan ham uchrashdi.
Xususan, raqamli tibbiyot sohasida ilg‘or yechimlar ishlab chiqaruvchi “ImedTac” kompaniyasi taqdimot o‘tkazdi. Muloqotda Namangan viloyatida pilot loyihalarni yo‘lga qo‘yish, mutaxassislar malakasini oshirish va ImedTac texnologiyalarini klinik amaliyotga joriy etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Shundan so‘ng, “Yokohama Urban Solution Alliance” va Yaponiyaning yetakchi yuqori texnologiyalar ishlab chiqaruvchisi “Murata Manufacturing” kompaniyalari o‘zining innovatsion texnologik yechimlari bo‘yicha taqdimotlar namoyish etdi. Unda, asosan, “Aqlli shahar” infratuzilmasi uchun axborot kommunikatsiya texnologiyalari, transport harakatini tahlil qilish va boshqarishga mo‘ljallangan intellektual tizimlar kabi zamonaviy xizmat va mahsulotlar taqdim etildi.

Tashrif davomida, Namangan viloyati delegatsiyaisi mutasaddilari Kanagava prefekturasi gubernatori Yudzi Kuroiva va Yokogama shahri meri Takexaru Yamanaka bilan rasmiy uchrashuvlar o‘tkazdi.
O‘zaro muzokaralarda ikki hudud o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, “Aqlli shahar” yechimlari, sanoat kooperatsiyasi, transport infratuzilmasi va ekologiya sohalarida o‘zaro hamkorlik masalalari ko‘rib chiqildi.
Uchrashuvlarning alohida qismi migratsiya masalalariga bag‘ishlanib, unda Yaponiyaga mehnat migratsiyasi jarayonlarini yengillashtirish, Namanganda yapon tili va kasbiy malaka markazlarini tashkil etish, ikki tomonlama mutaxassislar almashinuvini yo‘lga qo‘yish kabi takliflar muhokama qilindi.

Umuman olganda, Yaponiyaga tashrif doirasida namanganlik tadbirkorlar qator amaliy uchrashuvlar o‘tkazib, ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha qator kelishuvlarga erishmoqda. “Ideal”, “Fazman”, “D.Maretti”, “Vizzano”, “Saodat Sanoat Servis” kabi yetakchi to‘qimachilik ishlab chiqaruvchi korxonalar Yaponiyaning “Konaka Co. Ltd” kompaniyasi bilan ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish masalalari bo‘yicha muzokaralar o‘tkazdi.
Uchrashuvlar davomida yapon bozori uchun mo‘ljallangan tayyor to‘qimachilik mahsulotlarini yetkazib berish, sifatni oshirish bo‘yicha Sharqiy Osiyo standartlarini joriy etish, logistika va marketingda zamonaviy yondashuvlarni tatbiq etish hamda qo‘shma qiymat zanjirini shakllantirish masalalari muhokama qilindi. “Nammotors” va “Eco Basalt” korxonalari vakillari ham energiya tejamkor uskunalar, zamonaviy qurilish materiallari va bazalt texnologiyalari bo‘yicha muzokaralar olib bordi. Natijada, umumiy qiymati 50 million dollarlik uzoq muddatli eksport va hamkorlik shartnomalari imzolandi.
Delegatsiya “Tokushukai Medical Group” korporatsiyasi prezidenti Xigashi Chinichi bilan uchrashib, onkologiya, kardioxirurgiya va yuqori texnologiyali tibbiy xizmatlarni rivojlantirish bo‘yicha hamkorlik bitimi imzoladi.

Shuningdek, “Riverfield Inc.” kompaniyasi prezidenti Kotaro Tadano bilan muzokaralar yakunida robot-assistent xirurgiyasi va innovatsion tibbiy uskunalarni Namangan viloyatida joriy etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Tashrifning unutilmas rasmiy tadbirlaridan biri – Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqov hamda Xirosima prefekturasi gubernatori Xidexiko Yuzaki o‘rtasidagi rasmiy uchrashuv bo‘ldi. Unda ikki hudud o‘rtasidagi iqtisodiy, investitsiya, ta’lim, turizm va madaniy hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida, ikki hudud rahbarlari o‘zaro aloqalarni institutsional darajada mustahkamlash, doimiy ishchi guruhlar tuzish, shuningdek, tadbirkorlar o‘rtasida muntazam uchrashuvlar tashkil etish borasida kelishib oldilar.
Tashrifning e’tiborga molik yutuqlaridan biri – Yaponiyaning Xirosima shahrida Namangan viloyati hokimligi, “Balcom” kompaniyasi va O‘zbekistonning Yaponiyadagi elchixonasi hamkorligida o‘zbek milliy taomlari restorani hamda Namangan viloyatining rasmiy “Savdo uyi” ochilishi bo‘ldi. Mazkur muhim madaniy-iqtisodiy loyiha O‘zbekistonning Yaponiya bilan savdo, turizm va madaniy aloqalarini yanada mustahkamlashga qaratilgan.

Yangi restoran yapon jamoatchiligiga o‘zbek milliy oshxonasining boy va betakror ta’mlarini tanitishni maqsad qiladi. Mehmonlarga palov, somsa, sho‘rva, lag‘mon, qozon-kabob va boshqa an’anaviy taomlarni o‘zining asl texnologiyasida tayyorlangan holda taqdim etish rejalashtirilgan.
“Savdo uyi” esa Namanganda ishlab chiqarilayotgan sanoat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, tekstil, hunarmandchilik va gastronomiya brendlari namoyishida muhim markaz bo‘lib, Sharqiy Osiyo bozoriga mahalliy mahsulotlarni yetkazib berish, yangi eksport yo‘nalishlarini yo‘lga qo‘yish, tadbirkorlar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlikni rivojlantirish uchun doimiy platforma vazifasini bajaradi.
Ushbu loyihalarning amalga oshirilishi Namangan viloyati brendini Yaponiya bozorida targ‘ib qilish, turizm oqimini oshirish va ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.