Yaponiyaning hukmron Liberal-demokratik partiyasi (LDP) yangi raisi 27 sentyabr kuni saylanishi mumkin. Bu haqda “Kyodo” agentligi xabar berdi.
Bu partiyaning amaldagi rahbari, Bosh vazir Fumio Kisidaga BMT Bosh Assambleyasining 24 sentyabrda boshlanadigan sessiyasida ishtirok etish imkonini beradi. 12 sentyabrdan boshlab 15 kun davomida saylov oldi kampaniyasi o‘tkaziladi. Rasmiy ovoz berish sanasi tez orada tasdiqlanishi rejalashtirilgan.
Kisida avvalroq bo‘lajak saylovda nomzod sifatida qatnashmasligi va hukumat rahbari lavozimini tark etishini tasdiqlagan. Ayni payt hukumatning reytingi qator mojarolar, xususan LDP uchun siyosiy xayriya yig‘ish paytida moliyaviy hisobot buzilishi tufayli rekord darajada pasaygan.
Fumio Kisida 2021 yil sentyabrida, Yosixide Suga iste’foga chiqqandan so‘ng LDP yetakchisi etib saylangan. Sinzo Abe hukumatida Kisida besh yil davomida Tashqi ishlar vazirligini boshqargan, bir haftaga yaqin mudofaa vaziri bo‘lib ham ishlagan. Shuningdek, partiya Siyosiy kengashiga rahbarlik qilgan.
LDP raisligi va Bosh vazir lavozimiga ehtimoliy da’vogarlar orasida taniqli siyosatchi, sobiq mudofaa vaziri Sigeru Isiba, partiya Bosh kotibi Tosimitsu Motegi, iqtisodiy xavfsizlik vaziri Sanae Takaiti, raqamlashtirish vaziri Taro Kono, tashqi ishlar vaziri Yoko Kamikava, sobiq xavfsizlik vaziri Sindziro Koidzumi va sobiq hukumat Bosh kotibi Katsunobu Katova qayd etilgan.