2026 yilning 1-6 fevral kunlari Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) delegatsiyasining O‘zbekiston Respublikasiga tashrifi amalga oshirilmoqda. Tashrif doirasida tibbiy va ijtimoiy reabilitatsiya sohasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash, amalga oshirilayotgan loyihalar natijalarini baholash hamda tajriba almashish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Tashrifning asosiy maqsadi nogironligi bo‘lgan shaxslarni reabilitatsiya qilish uchun yaratilgan shart-sharoitlar, shuningdek, nogironlikka olib keluvchi asosiy kasalliklarni erta aniqlash va erta reabilitatsiya qilish sohasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishishdan iborat. Shu bilan birga, ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish imkoniyatlari ham muhokama qilinmoqda.

Tashrif doirasida Ijtimoiy himoya milliy agentligi bilan uchrashuvlar o‘tkazilib, qator muhim masalalar ko‘rib chiqildi. Jumladan, “Noinfeksion kasalliklarning oldini olish va ularni nazorat qilish” loyihasi doirasida bajarilgan ishlar va erishilgan natijalar muhokama etildi. Shuningdek, Respublika ixtisoslashtirilgan nevrologiya va insult ilmiy-amaliy tibbiyot markazida reabilitatsiya xizmatlarini rivojlantirish loyihasida Agentlik ishtirokining asosiy yo‘nalishlari belgilab olindi.
Bundan tashqari, ikki tomonlama hamkorlik doirasida nogironlikning oldini olish maqsadida erta reabilitatsiya xizmatlarini yo‘lga qo‘yish masalasiga alohida e’tibor qaratildi.
Delegatsiya a’zolari, shuningdek, Nogironligi bo‘lgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va protezlash milliy markazi faoliyati bilan yaqindan tanishishni rejalashtirgan. Ushbu tashrif O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, aholi salomatligini mustahkamlash va reabilitatsiya xizmatlari sifatini oshirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA