Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yaponiya va O‘zbekiston: Ta’lim sohasidagi hamkorlik yangi bosqichga chiqmoqda
23:15 / 2025-12-20

So‘nggi yillarda O‘zbekiston – Yaponiya hamkorligi yangi bosqichga ko‘tarildi. Jumladan, ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatning ustuvor yo‘nalishi sifatida belgilangan ta’lim sohasidagi amaliy hamkorlik ham izchil rivojlanmoqda.

Yaponiyaning ilg‘or ta’lim tizimi, bu boradagi fan va innovatsiyaga asoslangan tajribasi O‘zbekistonda oliy ta’limni takomillashtirish jarayoniga uyg‘un tarzda integratsiya qilinmoqda. Mamlakatimiz ham yoshlar salohiyati, ochiq siyosat va hamkorlikka tayyorligi bilan ishonchli hamkor sifatida namoyon bo‘lmoqda.

O‘zA muxbiri Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti Yaponshunoslik oliy maktabi boshlig‘i, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori Nodira Xolmurzayevaning Yaponiya va Markaziy Osiyo aloqalari joriy holati, sheriklikning yangi yo‘nalishlari tahlil qilingan fikrlarini yozib oldi.

O‘zbekistonda oliy ta’lim tizimini isloh qilish, xalqaro standartga mos kadrlar tayyorlash va akademik tizimni rivojlantirish davlat siyosati darajasida qo‘llab-quvvatlanmoqda. Shu nuqtai nazardan Yaponiya bilan ayni yo‘nalishdagi hamkorlik alohida ahamiyat kasb etadi.

Xususan, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti (TDSHU) Yaponshunoslik oliy maktabi til va madaniyatni o‘qitish barobarida o‘zaro amaliy hamkorlikni muvofiqlashtiruvchi markaz sifatida ham faoliyat yuritadi.

So‘nggi yillarda talabalarimiz kun chiqar mamlakatning yetakchi universitetlarida ta’lim olish, stajirovka o‘tash imkoniga ega bo‘lyapti. Yapon professor-o‘qituvchilari TDSHUda ma’ruza va seminarlar o‘tkazib, ta’lim jarayoniga zamonaviy yondashuvlarni joriy etmoqda.

Ta’kidlash joiz, “Markaziy Osiyo+Yaponiya” birinchi sammiti mavjud hamkorlikni yanada faollashtirish uchun muhim siyosiy maydon vazifasini o‘taydi. Anjuman doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ta’lim, inson kapitali va innovatsiyani rivojlantirish mintaqaviy hamkorlikning eng muhim, ustuvor yo‘nalishlari ekanini ta’kidladi. Qo‘shma dasturlar, talabalar va professor-o‘qituvchilar almashinuvi, raqamli texnologiyalar hamda sun’iy intellekt asosida kadrlar tayyorlash ko‘lamini kengaytirish zarurligini alohida qayd etdi. Bu bayonotlar Yaponiya – O‘zbekiston ta’lim hamkorligi Sammit darajasida qo‘llab-quvvatlanayotganidan darak beradi.

Belgilangan vazifalardan kelib chiqib, TDSHU tashabbusi bilan kasbga yo‘naltirilgan Yaponiya – O‘zbekiston xalqaro markazi tashkil etiladi. Ushbu majmua ta’lim, fan va amaliyotni bog‘lovchi zamonaviy vosita sifatida faoliyat yuritishi ko‘zda tutilgan.

Markazda yapon oliy ta’lim muassasalari va kompaniyalari bilan hamkorlikda kasbiy tayyorgarlikka oid dasturlar amalga oshiriladi. “U-Hope” va “Yori-I” kabi ijtimoiy innovatsiya va tadbirkorlikka yo‘naltirilgan dasturlar orqali yoshlarda yetakchilik, ijtimoiy mas’uliyat va tadbirkorlik ko‘nikmasini shakllantirish maqsad qilingan.

Shuningdek, asosiy hamkorimiz – Sukuba universiteti va boshqa nufuzli oliy o‘quv yurtlari bilan qo‘shma ilmiy tadqiqotlar olib borish, xalqaro grantlarga arizalar tayyorlash, yapon kompaniyalari bilan amaliyot va stajirovka dasturlarini kengaytirish rejalashtirilgan.

Xullas, aniq rejaga asoslangan amaliy hamkorligimiz Sammit darajasida qo‘llab-quvvatlanayotgani quvonarli. Tashkil etilayotgan Yaponiya – O‘zbekiston xalqaro markazi sheriklikning muhim tayanch nuqtasiga aylanishi lozim. Birgalikdagi sa’y-harakatlar esa ta’lim sifatini oshirish, raqobatbardosh kadrlar tayyorlash orqali ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarni yanada mustahkamlashga xizmat qilishi shubhasiz.

Musulmon Ziyo, O‘zA