Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yaponiya va Filippin: Osiyo xavfsizligida yangi mudofaa ittifoqi
00:54 / 2026-01-20

Osiyo-Tinch okeani mintaqasida geosiyosiy taranglik kuchayib borayotgan bir paytda Yaponiya va Filippin o‘rtasida yangi mudofaa kelishuvi imzolanishi mintaqaviy xavfsizlik borasidagi muhim burilish sifatida baholanmoqda. Tomonlar o‘zaro harbiy mashg‘ulot davomida o‘q-dori, yonilg‘i, oziq-ovqat va boshqa zarur resurslarni soliqsiz taqdim etish imkonini beruvchi bitimni rasman kuchga kiritish yo‘lida ildam qadam tashladi.

Ushbu hujjat birinchi navbatda XXRning Sharqiy va Janubiy Xitoy dengizlarida tobora qat’iylashib borayotgan siyosatiga nisbatan strategik javob sifatida ko‘rilyapti. Ma’lumki, Yaponiya ham, Filippin ham Pekin bilan hududiy nizoga ega. So‘nggi yillarda ushbu ziddiyat doirasida sohil qo‘riqchi kemalari va harbiy havo kuchlari ishtirokidagi keskin to‘qnashuvlar tobora ko‘paymoqda.

Tomonlar ta’kidlaganidek, yangi kelishuv nafaqat harbiy tiyib turishga qaratilgan, balki tabiiy ofatlarga birgalikda javob qaytarish, gumanitar amaliyot va BMT tinchlikparvar missiyalarida hamkorlik qilish imkoniyatini ham kengaytiradi. Ayni jihatlar bitimni har tomonlama strategik hujjatga aylantiradi.

2024 yil imzolangan O‘zaro kirish to‘g‘risidagi kelishuv Yaponiya va Filippin qo‘shinlari bir-birining hududida keng ko‘lamli harbiy mashq o‘tkazishiga yo‘l ochgan edi. Yangi shartnoma esa ushbu hamkorlikni amaliy va logistik jihatdan mustahkamlaydi.

Kuzatuvchilar fikricha, Tokio va Manilaning yaqinlashuvi AQSH yetakchiligida shakllanayotgan “erkin va ochiq Hind-Tinch okeani” konsepsiyasining muhim bo‘g‘ini hisoblanadi. Shuningdek, mintaqa davlatlarining Xitoyga qaram bo‘lmagan holda, mustaqil xavfsizlik siyosati yuritishga intilishini ham namoyon etadi.

Musulmon Ziyo, O‘zA