Angren shahrining “Yangiobod” mahallasida “Hududgazta’minot” AJ hamda Yaponiyaning “ITO Corporation” kompaniyasi hamkorligida yangi loyiha sinov tariqasida ishga tushirildi.
Shu munosabat bilan o‘tkazilgan taqdimotda soha mutaxassislari, xorijlik hamkorlar, shahar hokimligi mas’ullari qatnashdi. Ushbu loyiha doirasida xorij texnologiyasi asosida ishlab chiqilgan zamonaviy – propan va havo aralashmasidan sintetik metan gazini oluvchi qurilmalar o‘rnatildi. Ushbu sintetik metan orqali pilot hududdagi bir nechta ko‘p qavatli uylarni gaz bilan ta’minlash tizimi yo‘lga qo‘yildi.

“Hududgazta’minot” AJ va Yaponiya kompaniyasi tomonidan loyihani yanada kengaytirish, zamonaviy uskunalarni respublika bo‘ylab joriy qilish yuzasidan amaliy ishlar olib borilmoqda. Mazkur tashabbus Yaponiya Iqtisodiyot, savdo va sanoat vazirligi ko‘magida amalga oshirilayotgan bo‘lib, O‘zbekistonda energiya samaradorligini oshirish, zamonaviy va ekologik toza texnologiyalarni joriy etishga qaratilgan strategik yo‘nalishlarning ajralmas qismi hisoblanadi.


Hududda bu kabi yangi loyihalarni amalga oshirish borasidagi sa’y-harakatlar davom etmoqda.
A.Musayev,O‘zA.