Yaponiya Tashqi ishlar vazirligi maxsus vakili bilan muzokara toʻgʻrisida
Tomonlar turli darajadagi boʻlajak tadbirlar jadvalini koʻrib chiqdilar.
Oʻzbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri oʻrinbosari Furqat Sidiqov videokonferensaloqa shaklida Yaponiya Tashqi ishlar vazirligining Yevropa ishlari boʻyicha byurosi Bosh direktori oʻrinbosari, Markaziy Osiyo boʻyicha Maxsus vakili Shuichi Tokuda bilan muzokara oʻtkazdi.
Uchrashuv chogʻida siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiya, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi Oʻzbekiston-Yaponiya munosabatlarining hozirgi holati va rivojlanish istiqboli muhokama qilindi.
Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2019-yil dekabr oyidagi Yaponiyaga rasmiy tashrifi ikki mamlakat oʻrtasidagi strategik sheriklikni yana-da mustahkamlashga kuchli turtki bergani qayd etildi. Shu jihatdan oliy darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishni taʼminlash muhimligi taʼkidlandi.
Tomonlar turli darajadagi boʻlajak tadbirlar jadvalini koʻrib chiqdilar. Jumladan, Iqtisodiy hamkorlik boʻyicha Oʻzbekiston-Yaponiya va Yaponiya-Oʻzbekiston qoʻmitalari majlisini hamda ikki davlat tashqi siyosat idoralari oʻrtasidagi siyosiy maslahatlashuvlarning navbatdagi raundini oʻtkazish borasida fikr almashildi.
Koronavirus pandemiyasi sharoitida ikki tomonlama hamkorlikning yuqori surʼatini saqlab qolish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. Investitsiya loyihalarini amalga oshirishni davom ettirish maqsadida oʻzaro almashinuvlar va tashriflarni qayta tiklashning xavfsiz mexanizmlarini birgalikda ishlab chiqish taklif etildi.
Muloqot davomida xalqaro tashkilotlar va tuzilmalar doirasidagi Oʻzbekiston-Yaponiya aloqalarining dolzarb masalalari ham muhokama qilindi.