Yaponiya tashqi ishlar vaziri Yosimasa Xayasi mamlakatimizga rasmiy tashrifi doirasida Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti professor-o‘qituvchilari, talabalari bilan uchrashdi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisining birinchi o‘rinbosari, JIDU rektori Sodiq Safoyev yuqori martabali mehmonga o‘quv maskani tarixi va faoliyati, kun chiqar yurtdagi hamkor universitetlar bilan munosabatlar rivoji xususida batafsil ma’lumot berdi.

Janob Xayasi, shuningdek, yapon tilini o‘rganish dasturi bilan ham tanishdi. Tadbir davomida universitet Ilmiy kengashining vazirga JIDU faxriy doktori unvonini berish to‘g‘risidagi qarori o‘qib eshittirildi va unga diplom, mantiya tantanali ravishda topshirildi.

Davra suhbati so‘ngida JIDU faxriy doktori Yosimasa Xayasi universitet professor-o‘qituvchilari, talabalari oldida so‘zga chiqib, Yaponiya Tashqi ishlar vazirligi faoliyati haqida ma’lumot berdi, ikki tomonlama hamkorlikning muhim yo‘nalishlari xususida fikr, mulohaza bildirdi.



Ulug‘bek MAHMIRZAEV, O‘zA