Ta’lim sifatini oshirish, o‘quvchilarda zamonaviy ko‘nikmalarni shakllantirish hamda ilg‘or xorijiy tajribalarni amaliyotga joriy etish maqsadida Namangan viloyatida Yaponiyaning ta’lim modeli asosida tajriba-sinov ishlari bosqichma-bosqich yo‘lga qo‘yilmoqda.
Ushbu loyiha doirasida viloyat bo‘yicha 17 ta umumta’lim maktabi va 18 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti tanlab olinib, ularda Yaponiya ta’lim tizimining samarali yo‘nalishlari joriy etilmoqda. O‘zbekiston Respublikasining Yaponiyadagi favqulodda va muxtor elchisi Muxsinxo‘ja Abdurahmonov ushbu tajriba tatbiq etilayotgan Namangan shahridagi 27-sonli umumta’lim maktabi faoliyati bilan yaqindan tanishdi.


Tashrif davomida elchiga bilim dargohida o‘quvchilarda mustaqil fikrlash, yuqori intizom, jamoada ishlash madaniyati, mehnatsevarlik va mas’uliyat hissini shakllantirishga qaratilgan “Kunchiqar mamlakat” ta’lim tizimiga xos ayrim ilg‘or yo‘nalishlar taqdim etildi. Qolaversa, dars jarayonlarida o‘quvchilarning faol ishtirokini ta’minlash, amaliy mashg‘ulotlar orqali bilimlarni mustahkamlash, o‘zini-o‘zi boshqarish elementlarini joriy etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan bafurja ma’lumot berildi.


– Yangi tashabbus o‘quvchilarda intizom, mas’uliyat va ijtimoiy faollik kabi muhim hayotiy ko‘nikmalarni shakllantirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir. Kelgusida bu tajribani tizimli tarzda viloyatimizdagi mavjud 700 dan ziyod maktablarda integratsiya qilish rejalashtirilgan, – deydi Namangan viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i A’zamjon Isoqov.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.