Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti loyiha rahbari Zulfiya Kostyuchenko yetakchiligida mamlakatimiz qishloq xo‘jaligi rivoji yo‘lida Yaponiya tajribasi o‘rganildi.
Unda tahlil qilinishicha, Yaponiyada qishloq xo‘jaligi bir necha rivojlanish bosqichini boshdan kechirgan. Tub o‘zgarishlar esa 70-yillarga to‘g‘ri keladi. Bunda birinchi bosqichda yerga nisbatan xususiy mulkchilik tizimi yaratilgan.
–Yaponiya tajribasining ahamiyatli jihatlari shunda ko‘rinadiki, dastlab xorijdan qishloq xo‘jaligi texnikasi, zotdor chorva mollari, turli xil ekin urug‘lari hamda ko‘chatlari import qilindi va ularni moslashtirish ishlari olib borildi. Kadrlar tayyorlash uchun o‘quv markazlari, kasb-hunar ta’lim muassasalari, maktab va kollejlar, universitetlarda esa maxsus ixtisoslashgan bo‘limlar tashkil etildi. Malakali xorijiy mutaxassislar taklif qilindi va mahalliy mutaxassislar xorijdagi o‘quv yig‘inlariga yuborildi. Ta’kidlash joizki, qishloq xo‘jaligini rivojlantirishdagi yutuqlarga asosan intensiv usullar – ekin navlarini yaxshilash va ularni yetishtirish texnologiyasini modernizatsiya qilish orqali erishildi. Modernizatsiyaning keyingi bosqichida, ya’ni 1945 yildan keyin yerdan foydalanish sohasida qat’iy qarorlar qabul qilindi. Taxminan 2 yil ichida yirik yer egaligi butunlay tugatilib, kichik mustaqil fermerlar qatlami yaratildi. Uzoq vaqt davomida (1980-yillarning boshlariga qadar davom etgan) yerni boshqaga berishning qonun bilan qat’iy cheklangani sabab, mamlakatda ishlab chiqarish ko‘lami tufayli tejashi va samaradorlikni oshirishi mumkin bo‘lgan yirik fermer xo‘jaliklari shakllanmagan, –dedi Z.Kostyuchenko.
O‘rganish jarayonida soha bo‘yicha amalga oshirilgan islohotlar Yaponiya iqtisodiyotiga ijobiy ta’sir etib, sanoat va shaxsiy iste’molning o‘sishi hisobiga ichki bozorning kengayishiga hissa qo‘shganini ko‘rish mumkin. Shuningdek, qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilishda sohaga oid bilimlarini tarqatish bo‘yicha davlat xizmati muhim o‘rin tutadi. U qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishida ilmiy va texnologik yutuqlarni tatbiq etish, qishloq xo‘jaligi sohasi uchun kadrlarni tayyorlash va malakasini oshirishda katta rol o‘ynagan.
Loyiha rahbarining fikriga ko‘ra, respublikamizda kichik fermer xo‘jaliklari sonining ko‘pligi inobatga olinsa, Yaponiya tajribasini O‘zbekistonga mos, deb hisoblash mumkin. Yaponiyaning qishloq xo‘jaligi uchun kadrlar tayyorlash va malakasini oshirish tizimi alohida e’tiborga molikdir.
Nasiba Ziyodullayeva,
O‘zA