Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yaponiya Rossiya bilan Kuril orollari bo‘yicha qat’iy muzokaralarga tayyorligini ma’lum qildi
12:04 / 2021-02-15

Tokio yaqinda Rossiya konstitutsiyasiga hudidiy yon berishni taqiqlaydigan o‘zgartirish kiritilganiga qaramay, Moskva bilan hududiy muammolarni hal qilish uchun qat’iy muzokaralar olib boradi, deb bayonot berdi Yaponiya vazirlar mahkamasi bosh kotibi Katsunobu Kato.

"O‘ylashimcha hukumat kelgusida ham hududiy masalalarni hal qilish va tinchlik shartnomasini imzolashga qaratilgan siyosatni davom ettirish yo‘nalishidagi muzokaralarni qat’iylik bilan davom ettiradi", – dedi Kato dushanba kuni Tokioda uyushtirgan brifingda.

Kuni kecha Yaponiya tashqi ishlar vaziri Tosimitsu Motegi pandemiya nihoyasiga yetgandan keyin Yaponiya Rossiya bilan Janubiy Kuril orollarida birgalikda xo‘jalik faoliyatini yuritish bilan bog‘liq loyihalarni boshlashni muhokama qilish niyatini ma’lum qilgan edi.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin o‘tgan haftada mamlakat ommaviy axborot vositalari bosh muharrirlari bilan uchrashuvda Moskva bilan Tokio o‘rtasidagi munosabatlar rivojiga izoh berib o‘tdi.

"Biz Yaponiya bilan munosabatlarimizni rivojlantirishni istaymiz va albatta, rivojlantiramiz, lekin Rossiya Federatsiyasining asosiy qonuniga zid hisoblangan harakatni qilmaymiz", – dedi Putin.

Moskva bilan Tokio o‘rtasidagi munosabatlarga ikki davlat o‘rtasida haligacha tinchlik haqidagi shartnoma yo‘qligi soya tashlab keladi. Ikki mamlakat Ikkinchi jahon urushi tugaganiga ko‘p yil bo‘lganiga qaramay haligacha mazkur bitimni imzolagani yo‘q.

Tomonlar o‘rtasida hal etilmagan muammolardan eng asosiysi Janubiy Kuril (Kunashir, Shikotan, Iturup va Xabomai) orollari masalasi haligacha hal qilinmay kelayotgani bo‘lib qolmoqda.

Yaponiya 1855 yilda savdo va chegara haqidagi ikki tomonlama imzolagan hujjatga tayanib ushbu orollarga da’vo qilib keladi. Rossiya esa mazkur orollar Ikkinchi jahon urushi yakunlari bo‘yicha sobiq ittifoq tarkibiga kirganini ta’kidlab keladi.