Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yaponiya parlamenti delegatsiyasi bilan uchrashuv
18:56 / 2019-09-19

Oliy Majlis Senatida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoevning Yaponiya parlamenti Vakillar palatasi delegatsiyasi bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.


Oliy Majlis Senatida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoevning Yaponiya parlamenti Vakillar palatasi delegatsiyasi bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Suhbat davomida delegatsiya a’zolari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev rahbarligida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar haqida xabardor qilindi. Ularning amaliy natijalari tadbirkorlik muhiti yaxshilanishida, makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar barqarorligida, xorijiy mamlakatlar va nufuzli xalqaro moliyaviy tuzilmalarning O‘zbekiston bilan hamkorlikni chuqurlashtirishga qiziqishi tobora ortib borayotganida o‘z aksini topmoqda.

Yaponiyaning moliyaviy-texnik ko‘magi tufayli O‘zbekistonda sog‘liqni saqlash, ta’lim, energetika, transport, telekommunikatsiyalar kabi sohalarda qator ijtimoiy ahamiyatga molik va infratuzilmaviy loyihalar amalga oshirildi.

Uchrashuvda olib borilayotgan islohotlarning huquqiy asosini yaratish va takomillashtirishda parlamentning roli oshib borayotgani qayd etildi. Shu munosabat bilan O‘zbekiston – Yaponiya o‘rtasida parlamentlararo muloqotni faollashtirish parlament a’zolari hamkorligi mexanizmini rivojlantirish va mustahkamlashga xizmat qilishi ta’kidlandi. Bu jarayonlarda “Oliy Majlis – Yaponiya parlamenti” parlamentlararo guruhi, Yaponiyaning O‘zbekiston bilan do‘stlik parlament ligasi va “Yaponiya – O‘zbekiston demokratik partiyasi” do‘stlik ligasi alohida rol o‘ynaydi.

Ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari, shu jumladan, O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasida parlamentlararo hamkorlikni chuqurlashtirish, shuningdek, mintaqaviy va xalqaro masalalar yuzasidan fikr almashildi.

– Biz O‘zbekistonga Yaponiya siyosatida muhim o‘rni bo‘lgan mamlakat sifatida qaraymiz, – dedi Yaponiya Vakillar palatasi a’zosi Karen Makishima. – Bugun bir qator diqqatga sazovor joylarda bo‘ldik. Fursatdan foydalanib, O‘zbekiston xalqiga yaponlarning xotirasiga hurmat bilan munosabatda bo‘lgani uchun minnatdorlik bildirmoqchiman. Ushbu tashrif yaponiyalik tadbirkorlar uchun ham muhim ahamiyatga ega.

Qayd etilganidek, O‘zbekiston va Yaponiya hamkorligi xalqaro va mintaqa kun tartibidagi barcha masalalar bo‘yicha yuksak darajada strategik sheriklikni o‘z ichiga oladi.

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar bundan buyon ham ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlash uchun barcha sa’y-harakatni ishga solishga tayyor ekanini bildirdi.