French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yaponiya kompaniyalari bilan hamkorlik mustahkamlanmoqda
15:07 / 2022-10-19

“Navoiyuran” davlat korxonasiga Yaponiyaning “Itochu Corporation” korporatsiyasining bosh menejeri va “JOGMEC kompaniyasi vakillari tashrif buyurdi.

Dastlab mehmonlar “Zafarobod” kon boshqarmasi 2-Geotexnologik konida bo‘lib, “Janubiy Bukinay” maydonidagi 13-lokal sorbsion qurilmalarning texnologik jarayonlari, kislorod va sulfat kislotasi yordamida uranni yer ostidan qazib olish texnologiyasi, mahsuldor eritmalarni qayta ishlash uchastkasi faoliyati bilan yaqindan tanishdi.

Yaponiyalik hamkorlar ishlab chiqarish jarayonlariga tatbiq etilgan bu kabi texnologik yechimlarga yuqori baho berdi.

Shundan so‘ng mehmonlar Navoiy shahrida joylashgan zavodda bo‘ldi. Ishlab chiqarilayotgan tabiiy uran sifati yuqoriligi va o‘zaro hamkorlik yanada mustahkamlanib borayotgani qayd etildi. Bu yerda mehmonlar bevosita tabiiy uran oksidini kuydirish orqali rudadan ajratib olishdan to mahsulotni eksportga tayyorlashgacha bo‘lgan uzluksiz jarayonlarga guvoh bo‘ldi.

O‘zaro muloqotlar davomida “Navoiyuran” DK va “Itochu Corporation” o‘rtasida uran konsentratlarini yetkazib berish bo‘yicha oldi-sotdi shartnomalarni ko‘rib chiqish, shuningdek, uranni yer ostida ishqorlash usulida qazib olish texnologiyasi bo‘yicha tajriba almashish va mustahkam hamkorlikni davom ettirish bo‘yicha masalalar muhokama etildi.

Hozirda “Itochu Corporation”, JOGMEC va Davlat geologiya qo‘mitasi o‘rtasida tuzilgan memorandumga asosan “Mesheti”, “Qumtepa" ("Jasaga") va “Oqberdi” maydonlarida geologiya-qidiruv ishlari olib borilmoqda. Keyinchalik bu yerlarda tajriba-sanoat ishlari olib boriladi va uran qazib olish yo‘lga qo‘yiladi.

Uchrashuvda kelgusida ushbu uchlik ishtirokida qo‘shma korxona tashkil etish bo‘yicha ham takliflar bildirildi.

Bundan tashqari, “Navoiyuran” DK rahbariyati tomonidan kunchiqar yurtga xizmat safari uyushtirish, Yaponiyadagi uranni boyitish zavodlari tajribasini o‘rganish, bu boradagi ilg‘or va zamonaviy texnik-texnologik yechimlarni o‘zlashtirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.

Shuningdek, uchrashuvda reniy mahsulotining bozorini kengaytirish va yangi mijozlar izlab topish bo‘yicha ham hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalasi ko‘rib chiqildi.

A.Bo‘riyev, O‘zA